Breaking News

Tramp ma'muriyatining Osiyo strategiyasi bormi va qanday?


Barak Obama prezidentligi paytida “Osiyo yo’nalishi” haqida ko’p gap bo’lgan. Qo’shma Shtatlar qit’ada iqtisodiy, siyosiy va harbiy aloqalarga alohida urg’u bergan. Tramp ma’muriyati Osiyoni Amerika uchun u qadar muhim deb bilmaydi.

3-noyabr kuni Prezident Donald Tramp rasmiy safar bilan ilk bor Osiyoga yo’l olmoqda. Tahlilchilarga ko’ra, Amerika rahbari Filippinda bo’ladigan mintaqaviy sammitda qatnashishdan bosh tortib, o’zining bu qit’aga munosabatini ko’rsatmoqda.

AQShning mintaqadagi ittifoqchilariga uning bu qadami yoqmasligi mumkin, deydi Sharqiy Osiyo masalalari bilan shug’ullangan Pentagon sobiq rasmiysi Avraam Denmark.

“Prezidentning Sharqiy Osiyo sammitidan bir kun oldin yo’lga chiqayotganidan ham AQShning mintaqaga bo’lgan qiziqishi so’nib borayotganini ko’rish mumkin”, - deydi Vashingtondagi Vilson markazi xodimi.

Yil boshida Tramp Amerikaning 12 mamlakat kirgan Trans Tinch okeani hamkorlik tashkilotidagi a’zoligiga barham berganidan so’ng uning Osiyoga munosabati ayon bo’lgan edi.

“Tashkilotning o’ziga yarasha ijobiy va salbiy tomonlari bo’lgan, albatta, masalan, amerikaliklarga yangi ish o’rinlari bermas edi, biroq strategik tomondan katta ahamiyatga ega edi”, - deydi Milliy manfaatlar markazi eksperti Garri Kazianis.

Tramp ma’muriyatining qit’aga qiziqishi hozircha Shimoliy Koreya bilan cheklanyapti, xolos, kattaroq strategiya yo’q. Biroq prezidentning Osiyo bo’ylab safari chog’ida yangi siyosat shakllanishi ham mumkin.

“Osiyodagi hamkorlarimiz Obama siyosati davom etsin, demayapti, ular, shunchaki, Tramp siyosati qanday bo’lishini bilmoqchi. Tramp shu safari davomida mintaqaga yondashuvini tushuntirib berishi kerak”, - deydi tahlilchi Denmark.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG