Breaking News

Bayden asosan virtual, Tramp esa yuzma-yuz yig’inlar o’tkazmoqda


Nomzodlar saylovchi bilan qanday bog'lanyapti?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00

AQShda prezidentlik saylovlariga ikki oydan oz vaqt qoldi. Nomzodlar Donald Tramp va Jo Bayden saylov uchun muhim shtatlarga e’tiborni oshirmoqda. Ammo ularning saylovchi bilan bog’lanish usullari har xil.

Prezident Tramp besh shtatga tashrif buyuradi: Florida, Shimoliy Karolina, Michigan, Pensilvaniya va Nevada. U minglab odam ishtirokida yig’inlar o’tkazishni boshladi. Buning tinch namoyishlardan farqi yo’q, deydi prezident.

“Qo’zg’olon ko’tarib, ko’chalarda bir-birining ustiga chiqib yurgan odamlar bor. Ularga ruxsat berilgan, chunki tinch namoyishchi degan nomi bor. Biz ham yig’inlarimizni tinch namoyish deb ataymiz”, - deydi Tramp.

Demokratlar nomzodi Jo Bayden esa tarafdorlari bilan ijtimoiy masofani saqlagan holda, kichik guruhlarda ko’rishmoqda.

Bayden kampaniyasi ko’proq virtual tadbirlarga tayanmoqda. Uni odamlar hayotini xavf ostiga qo’yishni istamaydigan lider sifatida ko’rsatishmoqda.

“Bayden kichik tadbirlar o’tkazib, odamlar bilan dildan suhbat qilishni, ularga quloq tutishni istaydi. Tibbiyot yoki iqtisodiyot bo’ladimi, u har sohada vaziyatni tushunishga harakat qiladi. Prezident Tramp esa olomon ichida bo’lishni, hali ham katta sonda tarafdorlari borligini ko’rsatishni yoqtiradi”, - deydi siyosatshunos Todd Belt.

Michigan shtatida o’tgan saylovoldi tadbirda Bayden Trampni keskin tanqid qildi. Jurnalist Bob Vudvord bilan fevral oyida kechgan suhbatda prezident vahima qo’zg’atmaslik uchun virus xavfini kamaytirib ko’rsatganini tan olgan.

“Virus xavfli ekani haqida unda ma’lumot bo’lgan. Kasallik mamlakatda keng tarqalayotgan bir paytda, Tramp o’z ishini bajarmagan. Bu Amerika xalqiga nisbatan xiyonat”, - deydi demokrat nomzod.

“Vahimaga berilishni istamaymiz. Vahima ko’tarishga hojat yo’q. Men aynan shunday ish tutdim. Buni Vudvordga ham, boshqalarga ham aytganman”, - deydi Tramp.

So’rovlarga qaraganda saylovchilar pandemiyani muhim mavzu deb biladi. Aksariyat amerikaliklar nazarida prezident tibbiy krizisni eplay olmadi. Mamlakat miqyosidagi reytinglarda Tramp Baydendan orqada qolayotgan bo’lsa-da, muhim shtatlarda oradagi farq katta emas.

Tramp kampaniyasi an’anaviy saylovoldi tadbirlarni qayta yo’lga qo’ymoqda, jumladan shtatlarda idoralar ochish va eshikma-eshik yurish.

Baydenning maslahatchilariga ko’ra, pandemiya va iqtisodiyotga urg’u berish, turli guruhlar bilan ishlash – eng to’g’ri strategiya. Ammo ayrim demokratlar xavotirda.

“Respublikachilar yig’inlar o’tkazib, eshikma-eshik yurib, saylovchilar bilan bog’lanyapti. Biz pandemiyaga jiddiyroq yondashganimiz tufayli bu ishlarni qilmayapmiz. Shundan xavotirdaman”, - deydi demokrat faol Kristina Proktor.

11-sentabr kuni Tramp va Bayden 2001-yilgi terror xurujlarida halok bo’lganlarni xotirlash marosimida qatnashadi. Har ikkisi 93-reys qulagan Pensilvaniya shtatiga yo’l oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG