Breaking News

Tramp-Bayden: Saylovga 100 kuncha vaqt qoldi


Saylov-2020: Bayden oldidagi mashaqqatlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:51 0:00

AQShda prezidentlik saylovlarigacha 100 kuncha vaqt bor. Demokratlar nomzodi Jo Bayden ommaviy so’rovlarda peshqadamlikni saqlab qolmoqda.

Bir necha oydan beri davom etayotgan pandemiya, iqtisodiy tanazzul va irqchilikka qarshi namoyishlar Prezident Trampning reytingiga zarba bo’ldi.

Obama davrida vitse-prezident bo’lgan Jo Bayden ayni damda so’rovlarda oldinda ketmoqda.

Saylov kampaniyasini asosan uyidan turib olib borayotgan Bayden Trampning virusni jilovlay olmagani va mujmal bayonotlarini, shuningdek, ayanchli vaziyat uchun javobgarlikni zimmasiga olmayotgani uchun keskin tanqid qilmoqda.

“U pandemiyani yengib amerikaliklar sog’ligini ta’minlashga, iqtisodiyotni qayta izga tushirishga qodir emasligini ko’rsatdi”, - deydi Bayden.

Trampning tarafdorlariga ko’ra, agar mamlakatda infeksiya sur’ati pasaysa va noyabrdagi saylovdan oldin vaksina tayyor bo’lsa, prezidentning qayta saylanish imkoniyatlari yaxshilanishi mumkin.

“Pandemiya e’tibor markazida bo’lishi Baydenga qo’l kelyapti. Inqirozdan o’tib olsak va boshqa masalalar muhokamaga chiqsa, nazarimda, Tramp raqamlar bo’yicha raqibiga yetib oladi”, - deydi tahlilchi Patrik Basham.

Mamlakatda irqchilikka qarshi namoyishlar ba’zi hollarda zo’ravonlik va tartibsizlikka aylanib ketdi. Trampni quvvatlayotganlar deydiki, prezident tartibni tiklashga harakat qilayotgani saylovchilarga ma’qul. Bayden, o’z navbatida, politsiyaga mablag’ ajratmaslik to’g’risidagi chaqiriqlarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Mo’tadil siyosatchi sifatida tanilgan Bayden iqtisod, ekologiya va sog’liqni saqlash sohalarida katta sarmoya talab qiluvchi rejalar bilan chiqmoqda. Respublikachilar uning programmasini sotsialistik g’oyalar asosida tuzilgan, deya tanqid qiladi.

Prezident Tramp abort va immigratsiyaga qarshi ekani, qurolga egalik huquqini qo’llab-quvvatlashini ashaddiy tarafdorlariga qayta-qayta eslatmoqda.

Jo Bayden vitse-prezidentlikka nomzod etib kimni tanlashini yaqin kunlarda e’lon qilishi kutilmoqda. Bu uning saylov kampaniyasida eng muhim qarorlardan biri bo’ladi. Bayden o’zidan yoshroq va ayol kishini vitse-prezidentlikka tanlashini aytib kelmoqda.

77 yoshli Bayden chiqishlarida, nutqlarida xatolar qilib turadi. Nomzodlar o’rtasida bir necha debat rejalangan. Bayden Trampning hujumlariga tayyor bo’lishini aytmoqda.

“Uch masala omma e’tiborida – iqtisod, sog’liqni saqlash va pandemiya. Debatga borganda Bayden aynan shular haqida gapiradi”, - deydi siyosiy konsultant Jared Leopold.

2016-yilda ommaviy so’rovlar Hillari Klinton g’alabasini bashorat qilgan edi. Bayden so’rovlarda oldinda ketayotgan bo’lsa-da, Oq uyni qo’lga kiritishiga kafolat yo’q, deydi kuzatuvchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG