Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodini qo’ygan, ammo poygadan chiqqan siyosatchilarning maqsadi bir – amaldagi Prezident Donald Trampni yengish. Vermontlik senator Berni Sanders ham ana shu maqsadda poygadan chiqib, asosiy nomzod Jo Baydenni qo’llab-quvvatlab chiqdi.
“Mamlakatimiz tarixidagi eng xavfli prezidentni mag’lub qilish uchun shunday qarorga keldim”, - dedi Sanders.
Biroq Kongressning yangi vakillaridan bo’lgan kongressmen ayol Aleksandriya Okasio-Kortes Baydenning Sanders taklif etgan davlat tibbiy sug’urtasi va boshqa turdagi yordam dasturlariga qarshiligini hazm qila olmayapti.
“Hech bo’lmaganda yoshlarni tibbiy sug’urta bilan ta’minlashga qaratilgan biror reja bo’lishini istardim”, - deydi u.
Koronavirus pandemiyasi sabab kasalxonalar bemorlarga to’lgan, bizneslar yopilgan, millionlab odam ishsiz qolgan, natijada odatda bizneslarga xayrixoh respublikachilar va ishchilarni hamisha qo’llab-quvvatlab kelgan demokratlarning siyosati o’rtasidagi farqlar yuvilib ketgan. Har ikki taraf hozir birlashib, ham bizneslarga, ham ishchilarga yordam qo’lini cho’zmoqda.
Tahlilchilarga ko’ra, inqiroz paytida siyosiy markaz odatda so’l tomonga og’adi va Bayden saylovchilar xayrixohligini saqlab qolishi uchun yanada progressiv siyosatga moyillik ko’rsatishi kerak.
“Bayden mamlakat va Demokratik partiya so’l tomonga o’tganini ko’rsatishi, kattaroq, progressivroq g’oyalarga moyil ekanini namoyish etishi kerak”, - deydi “Yangi Amerika” tahlil markazidan Mark Shmit.
Bayden senator bo’lgan paytida idorasida 1990-yillarda ishlagan bir ayolning jinsiy tajovuz haqidagi Baydenga qarshi da’vosi partiyani bo’lib qo’yishi mumkin. Nomzodning hamkasblari uning himoyasiga turdi.
“Jo Baydenni shaxsan taniyman. Uni do’st deb bilaman. U halol va fazilatli insondir. Unga qarshi da’volar va soxta ayblovlar Jo Bayden kim ekanini to’g’ri ta’riflamaydi”, - deydi Bayden vitse-prezidentligi paytida unga maslahatchi bo'lgan Mo Vela.
#Metoo ayollarga qarshi jinsiz tajovuz harakati faollariga ko’ra, Baydenga qarshi da’volarga ko’z yumish harakatning jinsiy tajovuz haqida da’vo qilgan har bir ayolga ishonish kerak degan tamoyiliga ziddir. Ba’zilar jinsiy tajovuz haqidagi ayblovlar bilan yuzlashgan Tramp va Oliy sud sudyasi Bret Kavanoni qoralab chiqqan demokratlarni ikkiyuzlamachilikda ayblamoqda.
Michiganlik respublikachi kongressmen Jastin Amashning Libertarianlar partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida ro’yxatdan o’tgani ham demokratlarni xavotirga solmoqda. Ular nazarida, demokrat saylovchilarning bir qismi noyabrdagi saylovda Amashga ovoz berib, Baydenni ba’zi shtatlarda Trampga qarshi zaiflashtirib qo’yishi mumkin.
Tahlilchilarning bashorat qilishicha, Tramp ikkinchi muddatga saylanish uchun demokratlar orasiga nizo solishga urinib ko’radi.
Facebook Forum