29-sentabr kuni Ogayo shtatining Klivlend shahrida prezidentlikka nomzodlar o’rtasida uch teledebatning birinchisi o’tkaziladi. Shahar ahli munozarani qiziqish bilan kutmoqda.
“Bayroqni uyimga tikish haqida bir oz o’ylandim, chunki uyimga hujum qilishlaridan qo’rqdim. Ammo qo’rquvda yashashni istamayman”, - deydi Trampning klivlendlik muxlisi Dolores Jentile.
Uning qo’shnisi va 44 yillik do’sti Jo Bayden tarafdori.
“Saylovda kim yutsa ham bizga yetakchilik qilishi, yaxshi, aqlli, demokratik bo’lishi kerak”, - deydi Patti Lyuchchi.
Ogayo prezident saylovlarida eng muhim shtat hisoblanadi. Hali birorta respublikachi nomzod Ogayodagi saylovda g’alaba qozonmasdan turib prezidentlikka saylanmagan.
2016-yil saylovida Donald Tramp shtatda 8 punkt farq bilan raqibidan ustun kelgan edi. Bu yilgi so’rovlar saylov murosasiz kechishini ko’rsatmoqda. Nafaqat qo’shnilar, balki oilalarning ham nomzodlar bo’yicha fikri bo’lingan.
“Farzandlarimning yarmi Trampni qo’llab-quvvatlaydi. Ularni mehmonga chaqirmay qo’yganmiz. Siyosat haqida gaplashmaymiz deymizu, yana bahsga kirishib ketamiz. Ammo uzoq bahs qilmaymiz”, - deydi Lyuchchi.
Tramp va Bayden tarafdorlarining siyosiy qutblashishi mamlakatdagi ko’plab oilalarga ta’sir qilgan.
“Respublikachilar farzandlarining ayni jins vakili yoki transgenderga uylanishi ehtimolidan xavotirda, demokratlar esa farzandlarining respublikachi bilan oila qurish ehtimolidan”, - deydi Klivlenddagi universitet professori Jozef Uayt.
Dolores Jentile qo’shnisi bilan do’stligini siyosatdan ustun qo’yadi.
“Menga Tramp, unga Bayden yoqadi. Nima bo’pti? Ikkisidan biri yutadi”, - deydi Jentile.
Tramp va Bayden o’rtasidagi birinchi teledebat tadqiqotlar bilan shug’ullanuvchi Keys Vestern Rezerv xususiy universitetida o’tkaziladi.
“Sobiq vitse-prezident Bayden ma’lum chiziqdan chiqmaslikka harakat qiladi. Ammo shu bilan birga, u Trampni imkon qadar yomon ko’rsatish yo’lini topmoqchi, qarmoqqa ilintirishga harakat qiladi”, - deydi professor Uayt.
Nomzodlar o’tmishdagi va hozirgi faoliyati, Oliy sud, koronavirus pandemiyasi, saylov xavfsizligi va iqtisodiyot haqida bahslashadi. Ba’zan isyon va talon-tarojga turtki bergan irqiy tengsizlikka qarshi namoyishlar mavzusi ham ko’tarilishi aniq.
“Shuning uchun ham Trampga ovoz bermoqchiman, chunki Demokratik partiya bu ishlarning birortasini qoralamadi”, - deydi Jentile.
“Trampning menga yoqmaydigan tarafi shundaki, u qo’pol odam. Ko’p qo’pol gap qiladi. Shunisi meni ranjitadi. Odamlarning ustidan kulishni yaxshi ko’radi”, - deydi Lyuchchi.
So’nggi ijtimoiy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, ogayolik saylovchilarning uchdan ikki qismi siyosat oila va do’stlar davrasiga nifoq solayotganini tan oladi. Buning oldini olish uchun ayrimlar saylov haqida og’iz ochmaslikka kelishib olgan.
Facebook Forum