Breaking News

Oq uy tashqi yordamni kesishni taklif qilmoqda


Tramp taklif etayotgan byudjet
Tramp taklif etayotgan byudjet

Prezident Donald Tramp tashqi siyosat uchun ajratiladigan mablag’ni kamaytirib, harbiy xarajatlarni oshirmoqchi. Ayrim tahlilchilar moliyaviy qisqartirishlar davlat tashkilotlari ishini samaraliroq qiladi desa, boshqalar bunga qarshi. Inson huquqlari faollari va ba’zi qonunchilar ham e’tiroz bildirmoqda.

"Bilishimcha, tashqi yordam dasturlari, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarga berilayotgan pul, elchixonalar byudjeti 30 foizga kesilishi mumkin”, - deydi Vashingtondagi “Brukings tahlil instituti”dan Jorj Ingrem.

Inson huquqlari faollari va gumanitar yordam bilan shug’ullanuvchi tashkilotlar qochqinlar bundan zarar ko’rishi haqida ogohlantirmoqda.

"Fuqarolik jamiyati tashkilotlari, hukumatlar byudjetning kesilishidan hamda vakuumning hosil bo’lishidan xavotirda, axir Qo’shma Shtatlar novator va ijodkor hamkor va inson huquqlarining eng asosiy himoyachisidir”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotidan Adotey Akvey.

Biroq ayrim ekspertlar Davlat departamenti qog’ozbozlar bilan to’lganini aytib, pul kesilishi vazirlik ishiga foyda bo’lishini ta’kidlaydi.

“Davlat departamenti ishini tartibga solib, uni Amerika xalqining eng samarali, eng foydali vakiliga aylantirish uchun yaxshi imkoniyat bu. Vazirlik boshqaruv tizimi yaxshilanib, mablag’larning sarflanishi nazorat qilinadi”, - deydi Vashingtondagi “Xeritij jamg’armasi”dan Jeyms Roberts.

Jorj Ingrem o’z vaqtida Kongressda qonunchi idorasida ishlagan. Uning aytishicha, Kongress a’zolari keskin moliyaviy qisqartirishlarga ko’nmaydi.

“Vakillar palatasi va Senatdagi vakillar so’nggi bir oyda bir yoqadan bosh chiqarib, tashqi siyosat uchun pulning kesilishiga qarshi chiqdi”, - deydi mutaxassis.

AQSh diplomatiyasi mablag’dan ayirilsa, “Islomiy davlat” jangari to’dasini yengish vazifasi qiyinlashadi, deydi senator Lindsi Grem.

“Byudjet qo’mitasi shuni bilsinki, Davlat departamenti pulini qisqartirishga qaratilgan byudjet bilan bu urushda g’alaba qozona olmaymiz”, - deydi respublikachi qonunchi.

Prezident Tramp taklif etayotgan byudjet ustida Kongressda qattiq tortishuv bo’lishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG