Prezidentlikka shaylanayotgan Donald Tramp Amerika bizneslarini xorijga ko’chmaslikka undamoqda. Yaqinda Indiana shtatidagi fabrikaga borgan Tramp ishlab chiqarish vatanda qolsa, davlat imtiyozlar taklif qiladi deya so’z berdi. “Amerika Ovozi” bu borada AQSh va Meksikadagi vaziyatni o’rgandi.
Donald Tramp prezidentlik uchun kurashda mahalliy ish o’rinlarini ko’paytirishni va’da qilgan. Indianada mehnatkashlar bilan uchrashar ekan, ularga 800 ish joyini saqlab qolish rejasi haqida gapirdi. Bu birlashmada sovutgich va isituvchi asboblar chiqariladi. Lekin hamma ham Trampga quloq solmayapti. Bo’lajak rahbar bundan g’azabda.
“Amerika Ovozi” bilan intervyuda Meksikaning Santa Katarina shahri meri Trampni mamlakatiga taklif qildi.
“Kelib, odamlarimiz bilan tanishsin, davlatimizni ko’rsin. Bizning infrastrukturamiz qanday ekanini o’rgansin. Kapital bor bizda ham”, - deydi u.
Tramp bunday takliflarga javob bermay keladi.
"Carrier” kompaniyasining Meksikadagi qismi katta, gavjum sanoat markazida joylashgan. Santa Katarinada raqobat kuchli. Bir fabrika yopilsa, ikkinchisi ochiladi.
Ishchilar imtiyozlardan rozi. “Amerika Ovozi” vaziyatni yaqindan tekshirishga urindi.
“Transport, oshxona, ta’lim uchun pul va stipendiya. Bu atrofda boshqa biror biznes buncha imtiyoz taklif qilmaydi”, - deydi ishchilardan biri.
Indianapolis shahridagi bo’lim ham boshqacha. Bugungi Amerikani aks ettirmaydi. Bu yerda mahalliy oilalar chuqur ildiz otgan.
Uill Trampni boshidan quvvatlagan. Nomzod Indianaga kelganida uni muloqotga tortgan.
Uill ishi vatanida qoladi, unday ayrilmaydi degan umidda.
“Tramp bizni do’st deb atadi va do’stlarcha yordam bermoqchi”, - deydi u.
Lekin “Carrier”ning boshqa bir filialida 1200 odam ishidan ayrilish arafasida. Bunaqa ishlar shtatning boshqa joyida yo’q. Soatiga o’rtacha 23 dollar haq olasiz.
“Raqobatga chidamlimiz. Lekin biz qilayotgan ish uchun Meksikada soatiga 3 dollar to’lashadi. Bunga bardosh qilolmaysiz”, - deydi bir ishchi.
Trampning va’dalari hozircha so’zda. Ish o’rinlarining mehnat kuchi arzon davlatlarga ko’chmasligini qanday ta’minlamoqchi? Yangi prezident, avvalo, kompaniyalarga solinadigan soliqlarni kamaytirmoqchi. Kerak bo’lsa, boshqa moliyaviy imtiyozlar ham bermoqchi.