Breaking News

Shaxsiy manfaatlar va davlat manfaatlari to’qnash kelganida Tramp nima qiladi?


Shaxsiy manfaatlar va davlat manfaatlari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:57 0:00

Shaxsiy manfaatlar va davlat manfaatlari

Donald Tramp prezidentlikka saylanishi bilan uning boyligi va bu boylik qayerda ekani keng va izchil muhokama qilina boshladi. Oq uyda ish boshlashga shaylanayotgan Trampga tegishli mulkning 20 foizi xorijda. Bu borada uning o’zi ochiq aytmoqda. Bu fakt Amerika rahbarining faoliyatiga qanchalik soya solidi? Shaxsiy manfaatlar va davlat manfaatlari to’qnash kelganida undan xolis qaror kutish mumkinmi? Trampning aytishicha, uning biznes imperiyasi bolalarining nazoratida va president sifatida u o’zini butkul siyosatga bag’ishlaydi.

Amerikada Donald Trampdek odamni oldin prezidentlikka saylashmagan.

“Nimaga ega ekanimni hech kim bilmaydi”, - degan u.

Lekin uning naqadar badavlat ekanini ko’rsatuvchi hujjatlar mavjud. Naqd 104 bet.

Prezidentlikka nomzodlar saylov oldidan bu borada hisobot berishi talab qilinadi. Lekin qonun prezidentga to’liqroq ma’lumot berish uchun ikki yilgacha vaqt beradi. Soliq haqida ham hisobot berishi aslida shart emas. Lekin nomzodlar odatda buni burch deb biladi.

"Bor hujjatga qarab tasavvur qilish mumkin. Lekin aniq bilamiz deb aytolmaymiz”, - deydi ekspert Ken Gross.

Trampning mulklarini Lotin Amerikasidan tortib, Hindiston va Indoneziyagacha topasiz.

Tadbirkor uchun bu muammo emas. Lekin prezident bo’lsangiz, javob berasiz. Ken Gross huquqshunos va siyosiy strateg. Boylik Tramp uchun boshog’riq, deydi u.

“Ko’chmas mulk, qurilish sohasida biznes qilayotgan oilaning boshlig’i prezident. Demak, qay mamlakatda bo’lmasin, har qanday qaror siyosiylashishi tayin”, - deydi u.

Tramp biznesdan yiroqlashayotganini aytmoqda. Lekin ishonch past. Trampning kompaniyasi shunday bayonat beradi:

“Biz hozir Tramp tashkilotidagi barcha mulklar boshqaruvini va butun biznesni Kichik Donald, Ivanka va Erik Tramp nomiga o’tkazish bilan ovoramiz. Murakkab jarayon. Turli tizimlar farzandlarning idorasiga o’tkaziladi. Ularning har biri kuchli komandaga ega. Kompaniya uchun bu o’zgarishlarni amalga oshirish eng muhim vazifa. Biznes barcha qonun va talablarga javob beradi”, - deyiladi Tramp tashkiloti bayonotida.

Donald Trampning aytishicha, 15-dekabrda u va farzandlari xalq oldiga chiqib, bu borada e’lon qiladi. Dunyo o’shanda Tramp endi faqat prezident ekanini yaqqol ko’radi, deydi arbob atrofidagi odamlar.

“Mening qo’limda bo’lganida, Trampning biznesini umuman yangi rahbarga topshirib, oilani ham uzoqlashtirgan bo’lar edim”, - siyosatshunos deydi Jeyms Turber.

Hujjatlarga ko’ra, milliarder o’tgan ikki yil ichida Ozarbayjondagi mehmonxonasidan qariyb 3 million dollar daromad olgan. 33 qavatli bino hali ochilmagan.

Trampning qizi Ivanka qurilishni ko’zdan kechirayotganini aks ettiruvchi suratlar taqdim etilmoqda. Lekin Bakudagi mehmonxona egasi - Ozarbayjon Transport vazirining kuyovi. Ozarbayjon erkinlik cheklangan, korrupsiya chuqur ildiz otgan mamlakat.

“Ozarbayjonda rahbarlar yulg’ich. Siz bunday tuzum bilan biznes qilayapsizmi, demak, ishingiz ham toza emas. Tekshrish kerak sizni”, - deydi Turber.

Tramp kompaniyasi yana 30 mehmonxona qurmoqda, Xitoyda. Nyu-York shahri yuragidagi majmua dunyodagi eng kattasi va uning homiylaridan biri Xitoy banki. Bu bank davlat organidir.

Robert Deyli - xitoyshunos olim.

“Qo’shma Shtatlar jahondagi eng qudratli mamlakat. Bu maqomni undan faqat bir davlat tortib olishga qodir. Bu Xitoy”, - deydi u.

Pekindagi rahbarlar bilan muzokara qilganida Tramp ishbilarmon sifatida gaplashadimi yoki prezident? Tramp doimiy shubha ostida bo’ladi, deydi tahlilchi Skott Eymi.

“Har bir kelishuv, savdo bitimi, tashqi siyosat bobida qilingan qaror, belgilangan har bir maqsad biznes manfaatlardan xoli bo’lishini ta’minlashimiz kerak”, - deydi u.

“Xitoy men uchun daromad manbai, ularni yomon ko’ra olmayman”, - degan edi Tramp.

AQSh bosh qomusiga ko’ra, mansabdor shaxs chet davlatdan bir tiyin ham olmasligi shart.

Demokrat senator Ben Kardin bo’lajak prezidentni ogohlantirmoqda: qonun buzilsa, Tramp javobgarlikka tortiladi.

“Bu odamning biror qarori biznes manfaatlardan xoli bo’lishiga hozirdan ishonch past”, - deydi u.

Tarixda AQShni bu qadar boy odam boshqarmagan. Oq uyda o’tirganlar orasida boylar oldin ham bo’lgan, lekin milliarderlar emas. Amerika uchun bu ham bir tajriba. Balki foydasini ko’rarmiz, deydi ayrim fuqarolar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG