15-mart kuni AQShning besh shtatida prezidentlikka nomzodlar o'rtasida partiyaviy saylovlar bo'lib o'tadi. Saylov kampaniyasi paytida zo'ravonlik holatlari kuzatilmoqda.
Respublikachilardan asosiy da'vogar Donald Tramp to'polonchi tarafdorlarini himoya qilib chiqmoqda. Norozi namoyishchilar bilan mushtlash hollari ham ro'y bergan.
Keskin fikrlari bilan nom qozongan Tramp ommani kuch ishlatishga undamaganman, deydi.
"25 ming odam keldi. Ikki hafta oldin Alabamada 35 ming odam yig'ildi. Biz namoyishchilarni chiqarib tashlamayapmiz. Buni politsiya qilyapti. Men ularga yumshoq bo'linglar, odamlarga aziyat yetkazmanglar, deb aytdim. Lekin ayrim odamlar zo'ravonlik qilyapti. Ularga nisbatan qattiqqo'l bo'lish kerak", - deydi Tramp.
Texas shtatdan senator, prezidentlik uchun yana bir nomzod Ted Kruz:
"Uning tutgan yo'li shunaqa. Nimaga qo'l ursa, odamlarning g'azabidan o'z manfaati yo'lida foydalanadi. Baqirib so'kish, haqoratlash uning ishlash uslubi. Unga ovoz berayotgan odamlarni tushunaman. Chunki ular Vashingtondan, bizni aldagan siyosatchilardan g'azabda. Men ham g'azabdaman. Lekin Donald Tramp Vashingtondagi korrupsiyaga 40 yildan beri aralashgan odam".
Demokratlardan nomzod Xillari Klinton Trampni nafrat va qo'rquv urug'ini sochayotganlikda aybladi. Uning raqibi Berni Sanders nazarida esa Tramp gapirish ohangini o'zgartirib, zo'ravonlikni qoralashi kerak.
Trampning aytishicha, saylovchilar bilan uchrashuvlarini buzishga urinayotgan namoyishchilarni Sanders tomoni jo'natmoqda. Agar bu ishni to'xtatmasa, tegishli javob beriladi, deya ogohlantiradi nomzod.
Tramp Florida, Ogayo, Illinoys, Missuri va Shimoliy Karolinada g'alabani qo'lga kiritsa, uning partiya nomzodi bo'lish imkoniyati yanada oshadi.