Breaking News

Hechdan ko'ra kech. Tramp oq millatchilarni qoraladi


Prezident Donald Tramp Virjiniya shtatining Sharlotsvil shahrida shanba kuni oq tanli millatchilar namoyishi paytida yuz bergan zo’ravonliklarda millatchilarni ochiq ayblamagani uchun tanqidga uchragan edi, ammo bugungi bayonotida davlat rahbari xatosini tuzatganday bo'ldi.

"Irqchilik qabihlikdir. Irqchilik nomi bilan zo'ravonlikka qo'l urganlar jinoyatchilardir. Jumladan, Amerika qadriyatlarini oyoqosti qilayotgan neonatsistlar, Ku-kluks-klan, oq tanli millatchilar va adovatga berilgan boshqa guruhlar", - dedi Tramp.

Shanba kuni prezident bunday degan edi:

“Barcha taraflar tomonidan namoyish etilgan nafrat, taassublik, zo'ravonliklarni qattiq qoralaymiz”.

Shundan so'ng uning tanqidchilari Tramp zo’ravonlikda barcha taraflarni ayblab, oq tanli millatchilarni tilga olishdan bosh tortgani uchun tanqid qilib chiqdi.

Hatto Trampning eng yaqin tarafdori, bir necha kun Oq uyda ishlab ketgan Entoni Skaramuchchining aytishicha ham, Tramp aniqroq bayonot qilishi kerak edi.

"Oq tanli millatchilarni qattiqroq nishonga olish kerak edi”, - dedi u.

Aprel oyida Sharlotsvil shahar kengashi Amerika Fuqarolar urushi paytida Konfederatsiya bayrog'i ostida jang qilgan armiya qo'mondoni general Robert Lining haykalini olib tashlashga qaror qilgani oq tanli millatchilarni g'azabga soldi.

Shanba kuni turli shtatlardan to’plangan millatchilar haykal atrofida to'planib norozilik namoyishida qatnashdi. Namoyish tartibsizlikka aylanib, millatchilar va ularga qarshi chiqqan namoyishchilar mushtlashdi.

Tadbir ketidan bir mashina odamlarga urilib, 32 yashar bir ayol jon berdi, bir necha odam jarohat oldi. Shaharda favqulodda holat e'lon qilindi va voqea bo’yicha tergov qo’zg’atildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG