Breaking News

Tramp Osiyoga uchib ketdi - Xitoy tashrifdan nimalarni kutmoqda?


Tramp Osiyoga uchib ketyapti, Endryus harbiy-havo bazasi, Merilend shtati, 3-noyabr, 2017-yil
Tramp Osiyoga uchib ketyapti, Endryus harbiy-havo bazasi, Merilend shtati, 3-noyabr, 2017-yil

AQSh Prezidenti Donald Tramp bugun Osiyo bo’ylab 12 kunlik safarga chiqib ketmoqda. Kelasi hafta u ilk bor Xitoyga tashrif buyuradi. Yaponiya, Janubiy Koreya, Vyetnam va Filippin ham Trampni kutmoqda.

AQSh rahbari Xitoyda ikki tomonlama hamda mintaqaviy savdo va albatta, Shimoliy Koreya mavzusini muhokama qiladi. Pekinlik rasmiylarning Tramp tashrifidan umidi katta.

Donald Tramp va Si Zinpin ilk bor o’tgan yili Florida shtatida ko’rishgan edi. Ungacha Xitoyni ko’p koyigan Tramp xitoylik hamkasbi bilan tez til topishib ketdi. Shunga qaramay, Pekin, Tramp kutganidek, Pxenyanni yadro va ballistik raketa dasturlaridan voz kechishga unday olmadi.

Oldin Shimoliy Koreyaga so’zini o’tkaza olgan Xitoy Kim Chen Un rahbarlikni qo’lga olganidan beri uni yo’lga sololmayapti. Obro’sini yo’qotmaslik uchun Pekin BMT Xavfsizlik Kegashidagi sanksiyalarni qo’llab-quvvatlashga majbur bo’ldi.

“Tramp tashrifi chog’ida Xitoy ayrim savdo masalalarida yon berishi mumkin. Xitoy iqtisodiyoti va moliyasiga ziyon qilmaydigan murosa haqida gap ketyapti”, - deydi Renmin universitetidan Shi Yinxon.

Mao Zedundan so’ng eng qudratli rahbar hisoblangan Si Zinpin yaqinda yangi muddatga saylandi.

“U Trampdan Pxenyanga ko’p do’q-po’pisa qilmaslikka, harbiy hujum tahdidlari bilan ortiqcha qo’rqitmaslikka ishontirishga harakat qiladi, chunki Kim Chen Un yadroviy va raketa sinovlarini davom ettirishga majbur bo’ladi”, - deydi xitoylik tahlilchi.

Hokimiyatni olti yil oldin vafot etgan otasidan 27 yoshda meros qilib olgan Kim Chen Un eng yaqin ittifoqchisi Xitoyga hali biror marta tashrif buyurgani yo’q.

Xitoyliklarni Trampning immigratsiya siyosati ham tashvishga solmoqda.

“Ko’plab sinfdoshlarim Amerikaga borib, u yerda qolishni yoki ishlashni istaydi, ammo Trampning muhojirlarga salbiy munosabati bunga yo’l bermasligi mumkin”, - deydi pekinlik bir talaba.

“Amerikaning viza siyosati bir oz yumshasa yaxshi bo’lar edi”, - deydi Xao ismli moliyachi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG