AQSh Prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Zinpin bilan uchrashib, savdo bobida yirik kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Tomonlar savdo urushida 1-martgacha sulh e’lon qilgan. Amerika va Xitoy muzokarachilari kelishish harakatida muloqotni to’xtatgani yo’q. Tramp Si Zinpin bilan qachon uchrashishi hozircha noma’lum.
Xitoyda “To’ng’iz yili”ni nishonlash uchun cho’chqalar orasida poyga uyushtirilmoqda. Oddiy aholi tadbirni hayajon bilan kutayotgan bo’lsa-da, cho’chqachilik bilan shug’ullanuvchi fermerlarning yuragiga xursandchilik sig’maydi.
AQSh Xitoy soyasi eksportiga tariflarni oshirgach, xitoylik fermerlar ozuqa kamomadiga uchrab, chorvaning bir qismini go’shtga topshirishga majbur bo’ldi.
Ikki taraf muzokarachilari kelishib, savdo urushiga chek qo’yishga umid qilmoqda.
“Agar kelishuvga erisha olsak, eng katta shartnoma bo’ladi”, - deydi Tramp.
AQSh prezidenti yaqinda Xitoy bosh vazirining o’rinbosari va savdo masalalari bo’yicha bosh muzokarachi Lyu Xe bilan ko’rishdi. Tramp AQSh kompaniyalarining Xitoy bozoriga kirishi cheklanayotganidan hamda Xitoyda ishlayotgan kompaniyalarga o’z texnologiyalarini Xitoy shirkatlariga uzatish talabi qo’yilayotganidan norozilik bildirdi.
Xitoyning telekommunikatsiya bobidagi yetakchi kompaniyasi “Xuavey” (Huawei) bosh moliyaviy direktori Men Vanchjou Amerika prokurorlari tomonidan Eronga qo’yilgan sanksiyalarni buzganlikda hamda AQShning “T-Mobile” uyali aloqa kompaniyasi savdo sirlarini o’g’irlaganlikda ayblandi.
“O’z robotlarini yaratish maqsadida “Xuavey” muhandislari “T-Mobile” bilan maxfiylik hamda savdo sirlarini oshkor etmaslik haqida imzolangan shartnomalarga xilof holda “T-Mobile” ishlagan robotni yashirincha suratga olishdi, uni o’lchashdi va hatto bir qismini o’g’irlashdi ham”, - deydi AQSh adliya vaziri lavozimini vaqtincha bajarayotgan Mettyu Vitaker.
Pekin AQShdan o’z kompaniyalariga qarshi asossiz bosimlarni to’xtatishni talab qilmoqda. Oq uyning bildirishicha, “Xuavey” asoschisining qiziga qarshi ayblovning savdo bo’yicha ketayotgan ikki tomonlama muzokaralarga aloqasi yo’q.
“Bu bir-biriga bog’liq bo’lmagan ikkita alohida jarayon”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders.
Tramp Xitoy Prezidenti Si Zinpin bilan so’nggi bor o’tgan yil dekabrida Argentinada o’tgan Katta Yigirmalik sammiti doirasida ko’rishgan. Shu kunlarda u xitoylik hamkasbi bilan yana uchrashmoqchi ekanini aytdi.
“Men va Si katta bitimga erishishni ko’zlayapmiz”, - dedi Tramp.
Agar tomonlar 1-martgacha kelisha olmasa, AQSh Xitoyning 200 milliard dollarlik eksportlartiga tariflarni 10 foizdan 25 foizgacha oshirishi haqida ogohlantirmoqda. Bundan tashqari, Xitoyning qo’shimcha 267 milliard dollarlik mollari ham tariflarga uchrashi mumkin.
Facebook Forum