Tadqiqotlardan bilamizki, Amerikada osiyolik muhojirlarning katta qismi o’zini Demokratik partiya tarafdori deb biladi va noyabrdagi saylovda Hillari Klintonga ovoz bermoqchi. Ammo “Xitoyliklar Tramp uchun” nomli guruh ham bor. Kaliforniya shtatida uning a’zolari bilan suhbatlashdik.
Donald Tramp o’tkazgan yig’inda bu odamlarga darhol ko’zingiz tushadi. Kimga ovoz berishi ularning kiyimida yozib qo’yilgan.
“Trampning dangalchi ekani yoqadi bizga”, - deydi Tian Vang.
Los-Anjelesda yashovchi bu yigit respublikachi nomzodning videolarini YouTube tarmog’ida tomosha qilib deydiki, Tramp oddiy odamlar tashvishini tushunadi. Tian Vang “Xitoylik amerikaliklar Tramp uchun” degan guruh tuzib, ijtimoiy tarmoqlarda a’zolarini ko’paytirmoqda. Amerika bo’ylab ikki mingdan ziyod xitoylik unga qo’shilgan.
“Boshida aholining atigi bir foizi uni qo’llab-quvvatlayotgan edi. Qarang, nomzod bo’lishga erishdi. Tramp prezident bo’lishiga ishonamiz”, - deydi Vang.
Trampning o’ylamay-netmay gapirishi, andishasiz deb tasvirlanishi, ular nazarida, nuqson emas.
“Uni tushunaman, chunki otam biz bilan xuddi shunday gaplashadi, kerak bo’lsa urishib beradi. Bunga jiddiy muammo deb qaramayman. Tramp prezident bo’lsa, mamlakatda tartib-intizom bo’ladi. Biznes, iqtisod rivojlanadi. Qattiqqo’llik kerak jamiyatga”, - deydi Nensi Chian.
Tadbirkor Xitoyni ham ko’p marta tanqid qilgan, uni moliyaviy qalloblikda ayblagan. Guruh a’zolari bu gaplarga beparvo.
“Tramp Xitoyga qarshi gapirgan emas. Doimo aytadi, Xitoyni sevaman, xalqini hurmat qilaman deb”, - deydi Tian Vang.
Bu muhojirlar Donald Trampni va Respublikachilar partiyasini yoqlaydi, chunkiular nazarida konservativ qadriyatlar Xitoy milliy qadriyatlariga yaqin. Vivian Chen ismli ayol deydiki:
"Marixuana va bir jinsdagi oilalarni qonuniylashtirish kabi jarayonlarga qarshimiz", - deydi Vivian Chen, Tramp tarafdori. "Biz Amerikaga ertangi kunimizni, kelajakni o’ylab kelganmiz. Demokratik, erkin jamiyat ekani, imkoniyatlar borligi biz uchun muhim. Yoshlar marixuana tutatib, o’z jinsidagi odamlar bilan oila qurib ketaversa, bu qanday davlat bo’ladi ertaga?”
Osiyolik amerikaliklar orasida respublikachilarni quvvatlayotganlar ozchilik. Ammo biz bilan suhbatlashgan jamoa vakillari fikricha, mamlakatni to’g’ri yo’lga solish uchun aynan Trampdek arbob saylanishi kerak.