Ma’lumki, AQSh Prezidenti Donald Tramp iqlim o’zgarishi – inson faoliyati oqibati ekaniga ishonmaydi. Tramp prezidentlikka kelishi bilan Qo’shma Shtatlar Parij bitimidan chiqdi.
Amerikaning Global o’zgarishlarni tadqiq etish dasturi iqlim o’zgarishiga doir yangi hisobot chiqarib, hukumatni salbiy oqibatlar haqida ogohlantirmoqda. Oq uy hisobotdagi tavsiyalarga rioya qiladigan ko’rinmaydi. 300 nafar mutaxassis hissasini qo’shgan izlanishda tabiiy ofatlarning kuchayishi bashorat etilmoqda.
Kuchli dovullar, dahshatli to’fonlar natijasida Amerikada toshqinlar rekord darajaga yetgan, qurg’oqchilik esa o’rmonlarda yong’inlarga sabab bo’lmoqda.
Hisobotni tayyorlashda qatnashgan federal idoralarning ogohlantirishicha, inson, uning sog’lig’i, mulki, qishloq xo’jaligi va iqtisodiy taraqqiyot uchun halokatli oqibatlarga yetaklovchi ob-havo va iqlim o’zgarishi bilan bog’liq holatlar bundan keyin tez-tez bo’lib turadi.
Tramp ma’muriyati hisobotni chop etishga to’sqinlik qilmadi, ammo uni olqishlagani ham yo’q.
“Iqlim yaxshi bo’lishini xohlayman. Shunday bo’ladi ham, o’rmonlarimiz ham xavfsiz bo’ladi”, - dedi prezident.
Bir necha kun burun Tramp “dunyo iliqlashishi kerak emasmidi” deya havoning sovuqlashishiga “Twitter”da kinoyali munosabat bildirdi. Biroq boshqalar so’nggi hisobotni harakatga da’vat sifatida ko’rmoqda.
“Izlanishda Amerikaning o’rta g’arbi iqlim o’zgarishidan qattiq zarar ko’rishi, hosillar nobud bo’lishi aytilmoqda. Okean suvining iliqlashishi natijasida qator dovullarga guvohmiz, g’arbiy hududlarda esa vajohatli yong’inlarni ko’ryapmiz. NASA va harbiylarimiz bir necha yildan beri aynan shu haqda ogohlantirib keladi. Chora ko’rish vaqti keldi”, - deydi demokrat senator Eymi Klobuchar.
Qonunchiga ko’ra, Tramp prezidentlikka kelishi bilan toza energiyadan foydalanish, avtomobillar gazlarining chiqindisini kamaytirish siyosati to’xtab qoldi yoki orqaga qarab ketmoqda, Qo’shma Shtatlar sanoatda zararli gazlar chiqimini tushirishga qaratilgan xalqaro bitimdan chiqdi.
Trampning aytishicha, karbon dioksidi gazlari chiqindisini kamaytirish AQSh iqtisodiyotiga zarar keltiradi, iqlim o’zgarishiga doir so’nggi hisobot esa aynan ob-havoning iliqlashishi joriy asr davomida Amerika iqtisodiy ishlab chiqarishini 10 foizga tushirishini xulosa qiladi.
Facebook Forum