Breaking News

Tramp Parij bitimidan voz kechadimi?


AQSh Senatidagi demokrat qonunchilar Prezident Donald Trampni 2015-yilda imzolangan Parij bitimidan chiqmaslikka chaqirmoqda. Iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga qaratilgan xalqaro shartnomani 195 mamlakat imzolagan. Tramp ma’muriyati hujjatni o’rganmoqda.

Vatikanda Rim Papasi Fransisk bilan uchrashuv chog’ida ham shu mavzu ko’tarildi.

Nyu-York shtatidan saylangan demokrat senator Chak Shumerning aytishicha, Parij bitimidan chiqish tarixiy xato bo’lar edi.

"Amerikaning dunyoda yakkamoxov bo’lishiga yo’l qo’ymaslik kerak”, - dedi senator.

Italiya rahbarlari ham Trampni bitimdan voz kechmaslikka da’vat etdi.

"Prezident hali yakuniy qarorga kelgani yo’q. Masala yuzasidan o’ylanmoqda. Xorijiy safardan qaytgach qarorini e’lon qiladi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson.

Biroq ayrim respublikachi qonunchilar prezidentdan shartnomadan chiqishni talab qilmoqda.

"Bitimga qo’shilganimizdan afsusdaman. Unga ko’ra, Xitoy zaharli gazlar chiqimini kamaytirishda 16 yil hech narsa qilmas ekanu, mening shtatim Kentuki va Amerika bo’ylab boshqa shtatlar bitim shartlarini bajarishga majbur bo’lar ekan”, - deydi Senatda ko’pchilik sardori Mitch Makkonel.

Iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda faol sobiq vitse-prezident Al Gorga ko’ra, Tramp bu harakatga qarshi turolmaydi.

"Kaliforniya, Nyu-York kabi yirik shtatlar va boshqa hududlarimiz bu borada katta qadamlar qo’ymoqda, ko’plab kompaniyalarimiz yangilanuvchi energiyaga o’tmoqda”, - dedi Gor.

Sobiq vitse-prezident Fransiyaning Kann shahrida o’tayotgan xalqaro kinofestivalga iqlim o’zgarishiga doir yangi filmini olib borgan. Unga ko’ra, Amerikaning ayrim konservativ shaharlari ham muqobil energiyani iqtisodiy jihatdan foydali deb bilib, unga o’tmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG