Breaking News

Tramp iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga pand beradimi?


G'arbiy Virjiniya konchilari Trampning konlarni qayta ochish taklifini olqishlamoqda
G'arbiy Virjiniya konchilari Trampning konlarni qayta ochish taklifini olqishlamoqda

Donald Trampning g’alabasi nafaqat Xillari Klinton tarafdorlarini, balki shu kunlarda Marokashda o’tayotgan iqlim o’zgarishiga doir xalqaro anjuman ishtirokchilarini ham ranjitdi. Tramp o’tgan yili Parijda imzolangan bitimdan chiqib, mamlakatdagi ko’mir konlarini qayta ochishga, slanets nefti va gaz loyihalarini amalga oshirishga va’da bergan. Tramp prezidentligi davrida iqlim o’zgarishiga qarshi kurash qanday kechadi?

Blok orolidagi shamol fermasi Amerikaning ilk ofshor turbinasi bo’lib, shu oy ishga tushadi va 17 ming xonadonni elektr quvvati bilan ta’minlaydi.

Loyiha sakkiz yilda bitdi. Bu davr mobaynida AQSh iqlim o’zgarishiga qarshi kurashda yetakchi rol o’ynadi.

“AQSh faolligi tufayli Parij bitimi tez tasdiqlandi, iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga qaratilgan loyihalar tez amalga oshmoqda”, - deydi Grantxem tadqiqot institutidan professor Samuel Fankxauzer.

Iqlimning dunyo bo’ylab ikki darajaga iliqlashishi sanoatda zararli gazlarning atmosferaga chiqarilishi bilan bog’liqligi aytilar ekan, Parij bitimini yoqlagan mamlakatlar gazlar chiqimini kamaytirish majburiyatini olgan. Biroq saylov kampaniyasi paytida Donald Tramp prezidentlikka saylansa, bitimdan chiqib, AQShning energetik mustaqilligini kuchaytirishga va’da bergan edi.

“Konchilarni yana ish bilan ta’minlaymiz, ko’mir konlarini qayta ochamiz”, - degan edi u.

Vashington siyosatining bu masalada keskin burilishi zararli gazlar chiqimini kamaytirishga qaratilgan global harakatlarga pand beradi, deydi olim Fankxauzer.

“Liderlik o’rni bo’sh qolsa, vakuum hosil bo’ladi. Ammo Parij bitimi kuchga kirsa, bitimdan chiqish oson bo’lmaydi, AQSh esa unga a’zo. Balki bu biz uchun xushxabardir”, - deydi professor.

Marokashdagi sammitda qatnashayotgan delegatsiyalar qilayotgan ishlari zoye ketishidan xavotirda.

“Agar Tramp Parij bitimidan chiqsa, hamma narsa ortga qarab ketadi, dunyo uchun bu yaxshi emas”, - deydi malaviyalik qonunchi Veram Chlanga.

Shamol quvvati tarafdorlari soha zarar ko’rmaydi degan umidda.

“Undan foyda shu qadar kattaki, Oq uydagi hech bir ma’muriyat bu sohaga tegmaydi deb o’ylayman”, - deydi AQSh Milliy tabiat federatsiyasidan Katerin Bous.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Trampning iqlim o’zgarishiga doir siyosati qanday bo’lishi bir necha oyda ma’lum bo’ladi, ungacha esa Parij bitimining kelajagi mavhumligicha qoladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG