Kongressga muhojirlar ham taklif etildi
Amerika rahbari Donald Tramp bugun AQSh Kongressida nutq o'qiydi. Yangi prezidentlar uchun bu yillik an'ana. Marosimda Vakillar palatasi va Senatdagi qonunchilar, hukumat rasmiylari hamda mehmonlar ishtirok etadi.
Ayrim demokrat qonunchilar majlisga muhojirlarni va xorijliklarni ham taklif qilgan. Ular orasida Michiganning Flint shahrida bolalar qonidan zaharli modda topgan iroqlik doktor, Rod-Aylend shtatida muhtojlarga ko'mak ko'rsatuvchi pokistonlik yana bir doktor hamda falastinlik qochoqlarning farzandi bor.
Har bir qonunchi o'zi bilan bir mehmonni olib kelish huquqiga ega. Odatda, bu taklif qonunchilarning oila a'zolariga, yaqinlariga beriladi. Bu yil demokratlar Prezident Trampning muhojirlarga qarshi olib borayotgan siyosatiga norozilik belgisi sifatida muhojirlarni taklif etishga qaror qilgan.
Masalan, kaliforniyalik demokrat qonunchi Jyudi Chu eronlik talaba Sara Yarjanini taklif etgan. Tramp e'lon qilgan va sud tomonidan to'xtatib qo'yilgan qarorda 7 musulmon davlatdan muhojirlarni qabul qilishni taqiqlash ko'zda tutilgan edi. Bu davlatlar orasida Eron ham bor. Yarjani talaba vizasi bo'lishiga qaramay, Los-Anjeles aeroportida to'xtatilib ortiga qaytarilgan edi. Sud Tramp farmonini to'xtatgandan so'ng u AQShga qaytib kirgan.
Kongressga taklif etilgan muhojirlardan yana biri, AQSh harbiylariga tarjimonlik qilgan iroqlik Hamid Darvish ham Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi aeroportida 18 soat hibsda ushlab turilgan.
Oq uyning ma'lum qilishicha, Tramp o'z nutqida o'z oldiga qo'ygan rejalari hamda kelajak haqida gapiradi. Prezident umid va ishonchga urg'u beradi, deydi uning ma'muriyati vakillari.