Breaking News

Tramp farmatsevtlarni koronavirusga qarshi vaksina yaratishni tezlashtirishga chaqirdi


AQSh Prezidenti Donald Tramp dunyoning 10 ta yirik farmatsevtika kompaniyasining rahbarlari bilan uchrashib, ulardan koronavirusga qarshi vaksinani yaratish ishlarini tezlatishni so’radi. AQShda virusga chalinganlar va undan o’layotganlar soni oshib bormoqda.

Shu onga qadar Qo’shma Shtatlarda kamida olti odamning koronavirusdan o’lgani ma’lum. Salkam 105 kishida virus borligi aniqlandi.

“43 kishi koronavirusni AQShda yuqtirgan, shulardan 29 nafari Kaliforniya va Vashington shtatlarida. Yana 48 odam Amerikaga virus bilan kirgan”, - deydi Vitse-prezident Mayk Pens.

Tramp yirik farmatsevtika kompaniyasi rahbarlarini virusdan vaksina va unga davo topishni tezlashtirishga chaqirdi.

“Vaksina yaratilishidan oldin muolaja yo’lga qo’yiladigan ko’rinadi. Dorilarning eng yaxshilarini bozorga tezroq chiqarishga harakat qilamiz”, - deydi u.

Vaksinani odamlarda sinash apreldan boshlanishi mumkin. Biroq eng samarali vaksinani ishlab chiqarishga bir yilcha vaqt ketishi mumkin. Bu juda katta pul talab qiladi.

“Farmatsevtika kompaniyasi vaksinani konveyerga qo’yishidan oldin AQSh hukumati uni sotib olsa, kompaniya moliyaviy zarardan qo’rqmasdan ish boshlashi mumkin bo’ladi”, - deydi Vanderbilt universitetidan Uilyam Shafner.

Tramp bu yo’nalishda ish olib borayotgan kompaniyalarni qog’ozbozlikdan xoli qilishga so’z berib, federal hukumatdan pul ajratilmasligini aytdi.

“Kompaniyalar yetarlicha boy. Ular hukumatga qarz bera oladigan darajada boy”, - dedi Tramp.

AQSh rahbari fuqarolarga bir necha mamlakatga sayohatni cheklash hamda Meksika bilan chegarani yopish ustida o’ylanmoqda.

Dunyo bo’ylab 91 mingdan ortiq odam virusga yo’liqqan, qurbonlar soni uch mingdan oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG