Breaking News

AQSh prezidentining Davosdagi ishtirokidan nimalar kutilmoqda?


Prezident Tramp Davosda, 25-yanvar, 2018-yil
Prezident Tramp Davosda, 25-yanvar, 2018-yil

Prezident Tramp Shveysariyaning Davos shahrida o’tayotgan yillik Xalqaro iqtisodiy forumda qatnashmoqda. U o’z maruzasida va uchrashuvlari paytida global savdo kelishuvlarini qayta ko’rib chiqishga, amerikaliklarni ish o’rinlari bilan ta’minlashga qaratilgan “Amerika Birinchi” siyosatini olg’a surishi kutilmoqda.

Dunyoning siyosiy va iqtisodiy liderlari shu kunlarda Davosda o’zaro fikr almashmoqda, siyosiy va iqtisodiy masalalarni muhokama qilmoqda.

Sobiq Prezidentlar Barak Obama va Jorj Bush Oq uydagi sakkiz yillik faoliyatlari paytida Davosga borishmagan.

“Muloqot kuchiga ishonamiz. Amerika prezidentining forumda qatnashayotgani globalizatsiya jarayonini adolatliroq qilishga qaratilgan muhokamalarga imkon bermoqda”, - deydi forum prezidenti Borg Brend.

Tramp juma kuni forum yopilishida ma’ruza qiladi. Uning erkin savdoga munosabati tortishuvlarga sabab bo’lishi kutilmoqda. Seshanba kuni AQSh rahbari kir yuvish mashinalari hamda quyosh panellari importiga yirik tariflar qo’yib, amaldagi savdo tizimining Amerikaga zarar ekanini ta’kidlab o’tdi.

“Bizning bu kabi farmonlarimiz adolatli savdoni ta’minlashga qaratilgan. Bundan keyin hech kim o’z foydasi uchun Amerikadan foydalanmaydi”, - dedi Tramp.

Forumning ochilishida so’zga chiqqan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi qarama-qarshi fikr bildirdi.

“Proteksionizm kuchlari globalizatsiyaga qarshi bosh ko’tarmoqda, uning tabiiy yo’nalishini o’zgartirishmoqchi”, - dedi u seshanba kuni.

Amerikaning Yevropadagi ittifoqchilari hamda Xitoy va Yaponiya ham shu fikrda. Trampning “Amerika Birinchi” siyosati Davosda qanday qabul qilinadi?

“Bunday siyosat tortishuvga olib kelishi mumkin. Xalqaro tizimni o’zgartirishga, Amerikaning bu tizimga munosabatini o’zgartirishga qaratilgan harakatlar ko’plarda xavotir uyg’otmoqda”, - deydi London Shahar universitetidan Indejit Parmar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG