Breaking News

Trampning saylovoldi va'dalari mamlakat birligiga zararmi?


Amerikada o’tgan yilgi saylov paytida Donald Tramp prezidentlikka saylansa, hamma yoqni ostin-ustun qilishini aytgan edi. Bugunga kelib, deyarli shunday ham bo’ldi. Ammo bunday siyosat mamlakatni bo’lib qo’ydi.

Trampning reytingi 40 foizdan kam bo’lishiga qaramay, vazirlar mahkamasi yig’inida u yutuqlari haqida gapirdi.

Davlat rahbari sobiq Prezident Barak Obama tashabbusi bilan qabul qilingan tibbiy sug’urta dasturini qisman bekor qildi, Eron bilan erishilgan xalqaro yadroviy kelishuvdan chiqish arafasida turibdi.

Trampning har bir qadami katta shov-shuvga sabab bo’lyapti. Tahlilchi Jon Fiyerining aytishicha, u shunchaki saylovoldi va’dalarini bajaryapti.

“Prezident Tramp siyosiy elitani tan olgisi yo’q, u oldindan belgilangan qoidalarga qarab ish tutadigan odam emas”, - deydi ekspert.

Trampning sobiq maslahatchisi Stiv Bennon prezidentdan respublikachilarning Kongressdagi rahbarlari bilan aloqani uzishni so’ramoqda.

“Bu mening urushim emas, bu bizning urushimiz. Uni biz emas, elita boshladi”, - deydi Bennon.

Trampning partiyadoshlari uning boshqaruv usulini tanqid qilmoqda. Xususan, Ogayo gubernatori Jon Keysik va sobiq vitse-prezident Jo Bayden.

“Boshqaruvning “b” harfini tushunmaydigan prezidentimiz bor. Siyosatini bir daqiqaga qo’ya turing. U hatto hukumat qanday ishlashini ham bilmaydi!” – deydi Bayden.

Trampning o’z tanqidchilari, jumladan senatorlar Bob Korker va Jon Makkeyn kabi partiyadosh qonunchilariga hujum qilish odati asosiy ishidan uni chalg’itmoqda, deydi tahlilchi Mettyu Dallek.

“Prezidentligining katta qismini tanqidchilariga qanday hujum qilishni rejalash, so’ng esa hujum qilish bilan o’tkazmoqda”, - deydi Dallek.

Tramp ilgari Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonelga ham malomat toshi otgan edi, biroq hozir ikkisi yarashib olgan ko’rinadi.

“Amerikani rivojlantirish masalasida hamfikrmiz”, - dedi Makkonel.

Respublikachilar oldida soliq tizimini isloh qilishdek qiyin vazifa turibdi.

“Agar ular yangi qonunni Kongressdan o’tkaza olishsa, kelasi yili bo’ladigan saylovlardan oldin mavqeini ancha yaxshilab olishadi. Agar buning uddasidan chiqisha olmasa, u holda saylovchilari qoniqish hosil qilmay, saylov natijalari respublikachilar kutganidek bo’lmasligi mumkin”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi Bill Galston.

Ammo hozircha respublikachilarning soliq islohoti qanday bo’lishi haqida biror tasavvur yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG