Prezident Donald Tramp shu kunlarda shtatma-shtat yurib tashviqot olib boryapti, tarafdorlarini noyabrda bo’ladigan Kongress saylovlarida respublikachi nomzodlarga ovoz berishga da’vat etmoqda. Uning aytishicha, matbuot uning siyosatini, yutuqlarini ataylab xato talqin qilmoqda, partiyadosh nomzodlarining saylanish imkoniyatini cheklamoqchi.
Floridada namoyish paytida Prezident Tramp iqtisodiy yutuqlarini ko’z-ko’z qildi.
“Iqtisodiyot ancha yaxshi. Bundan xursandman. So’nggi ommaviy so’rov natijasiga ko’ra, Respublikachilar partiyasi tarixida eng mashhur odam bu Tramp ekan”, - dedi Tramp.
So’nggi chorak natijalariga ko’ra, iqtisodiyot 4 foizdan oshgan. Bu Tramp uchun raqib partiya oldida jiddiy ustunlik, deydi iqtisodchi Mark Xemrik.
“Agar o’sishga erishilgan bo’lsa, bu o’sish vaqtincha bo’lsa ham uzoq muddatga bashorat qilingan ikki foiz o’sishdan yuqoridir, bu – yutuq”, - deydi u.
Prezident Rossiya bo’yicha ketayotgan tergovni tanqid qilib, chegarada devor qurilishiga pul ajratilmasa, hukumatni yopishini aytmoqda, matbuotni soxta xabarlarda ayblayapti.
“Hamma narsani yomon ko’rsatishadi, chunki ular uzatayotgan xabarlar soxta”, - dedi Tramp.
Tahlilchilar prezidentni asosiy mavzudan chalg’imaslikka chaqirmoqda.
“Tramp “Twitter”da nima yozsa ham shov-shuvga aylanmoqda. Siyosiy “Twitter”ning ustasiga aylangan”, - deydi Jorj Vashington universitetidan siyosatshunos Maykl Kornfild.
Trampning Rossiya bo’yicha tergovga tinmay hujum qilayotgani demokratlarni bezovta qilmoqda.
“Respublikachi hamkasblarim prezidentning bu masaladagi aralashuviga qarshilik ko’rsatishga quvvati bor degan umiddaman. Chunki Amerika xalqi baqir-chaqir, janjallardan charchagan, o’z ishimiz bilan shug’ullanishimizni xohlaydi”, - deydi senator Chak Shumer.
Kuchli iqtisodiyot noyabr saylovlarida respublikachilarga qo’l kelishi mumkin. Trampning boshqaruv uslubi ham saylov kampaniyasida markaziy o’rin egallaydi, deydi tahlilchi Ileyn Kamark.
“Asosiy masala, shubhasiz, u. Ham respublikachilar uchun, ham demokratlar uchun”, - deydi Brukings tahlil markazi eksperti.
Sotsiolog Frenk Nyuportning aytishicha, Tramp iqtisodiy o’sish reytingining keskin o’sishiga olib kelmaganidan xunob.
“Iqtisodiyot yuksalgani bilan Tramp qoniqmagandek, reytingi qattiq ko’tarilmadi”, - deydi u.
Prezident saylov kampaniyasiga, tashviqotga zo’r berishini aytmoqda. Aksariyat partiyadoshlari nazarida esa, Tramp siyosiy janjallardan uzoqroq turgani, iqtisodiyot bilan shug’ullangani ma’qul.
Facebook Forum