Breaking News

Tramp: AQSh iqtisodini uch bosqichda ochamiz


Oq uy, 16-aprel, 2020
Oq uy, 16-aprel, 2020

Bugun 50 shtat gubernatori va poytaxt Vashington meri bilan uchrashgan Prezident Donald Tramp Amerika koronavirus pandemiyasidan qay tarzda oyoqqa turib, qayta ochilishini muhokama qildi.

"Bu bosqichma-bosqich jarayon bo'ladi. O'zimizga kelish oson kechmaydi, lekin kelganimizda har jihatdan mustahkam bo'lamiz", - dedi Tramp Oq uyda so'zlar ekan.

Muhokamadagi rejaga ko'ra, koronavirus kamroq urgan shtatlar ochilishda oldinda bo'ladi, pandemiyadan ko'proq aziyat chekkanlar esa orqada.

Prezident fikricha, kamida 29 shtat hozir "ancha yaxshi ahvolda" lekin Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida vaziyat hamon juda og'ir.

Endryu Kuomo, koronavirusdan qattq zarar ko'rgan Nyu-York shtati gubernatori
Endryu Kuomo, koronavirusdan qattq zarar ko'rgan Nyu-York shtati gubernatori

Ijtimoiy masofa saqlanishi shart, deya eslatib turibdi sog'liqni saqlash mutasaddilari, aks holda pandemiya darajasi pasaymaydi. 2020-yilning oxirigacha ayrim choralar o'z joyida qolishi kutilmoqda.

Har bir shtatdagi vaziyatni gubernator hal qiladi, Oq uy bu jarayonga aralashmaydi, lekin federal hukumat yordam berishga shay turadi.

Infeksiya ko'lami yuqori bo'lmagan, test tizimi shakllangan, tibbiy ahvoli tetik shtatlarda bizneslar va maktablar ochiladi.

Prezident Tramp koronavirusga qarshi kurash komissiyasi koordinatori doktor Debra Birks bilan, Oq uy, 16-aprel, 2020
Prezident Tramp koronavirusga qarshi kurash komissiyasi koordinatori doktor Debra Birks bilan, Oq uy, 16-aprel, 2020

Birinchi bosqichda aholidan hamon uyda o'tirish va masofa saqlash so'raladi. 10 dan ortiq kishi bir joyga yig'ilmasligi kerak.

Ikkinchi bosqichda odamlar tashqariga chiqa oladi, sayohat qilishi mumkin bo'ladi, lekin 50 dan ortiq odam bir joyga to'planmasligi kerak.

Uchinchi bosqichda esa Amerika normal hayotga qaytadi, ammo infeksiya kuzatilayotgan hududlar qattiq nazorat ostida bo'ladi.

Prezident bilan bugungi muloqotda har ikki partiyadan chiqqan gubernatorlar bosqichlar qachon va qanday boshlanishi yuzasidan ular qaror berishini qayd etgan.

Delaver shtatining demokrat rahbari Jon Karni deydiki, ochilishga hali haftalar bor va 14 kun muntazam ravishda pasayish kuzatilganidan keyin birinchi bosqichga start berish mumkin.

G'arbiy Virjiniya shtati esa qismma-qism ochilishni xohlaydi. Virus yetib bormagan joylar oldinroq, tarqalgan joylar esa keyinroq.

Shtatlar mintaqaga qarab, guruhma-guruh birga harakat qilishi kutilmoqda. Ommaviy so'rovlarda har uch amerikalikdan ikki nafari shoshmay ochilish tarafdori ekanini aytgan.

Oq uy Kongress bilan maslahatlashadi, deydi Tramp. Shu bois u qonunchilardan maxsus guruh tuzib, iqtisodni qayta oyoqqa turg'azish yuzasidan tavsiyalar berishni so'ragan.

Demokrat senator Mark Vorner tibbiyot sohasi egalari nima desa shu bo'lsin, degan fikrda.

Respublikachi senator Lindzi Grem esa avvalo test tizimi bilan bog'liq masalalar hal bo'lishi, koronavirus ko'rigi to'liq yo'lga qo'yilishi shart, deydi.

Ishsizlar soni haftasiga millionlab songa ko'payar ekan, Amerika "buyuk depressiya" davri tomon ketmoqda degan xavotir kuchli.

3-noyabrda qayta saylanish umididagi Tramp esa jamiyat bunday qo'rquvda qolishini aslo istamasligini, xalqning o'ziga ishonchini oshirish uchun davlatni har tomonlama ochish zarurligini ta'kidlamoqda.

Gubernatorlarning prezidentga aytishicha, bosqichma-bosqich ochilishda xatolarga yo'l qo'yish Amerikani yana orqaga tortishi, pandemiya oqibatlarini yanada og'irlashtirishi mumkin.

AQShda o'tgan bir oy ichida 22 millionga yaqin amerikalik ishidan ayrilgan.

16-aprel kuniga qadar koronavirusni yuqtirganlar Amerikada qariyb 680 ming, undan o'lganlar 35 ming, tuzalganlar esa 58 mingga yetmoqda.

Jahon bo'ylab kasallikka chalinganlar 2 million 200 mingga, undan vafot etganlar 146 mingga, sog'ayganlar esa 547 mingga yaqin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG