Breaking News

Qonunchilar Trampning saylovni qoldirish g'oyasini tanqid qilmoqda


AQSh Prezidenti Donald Tramp 3-noyabr kuni bo’ladigan prezident saylovlarida ovozlarni pochta orqali berish ularning soxtalashtirilishiga, xatolarga olib kelishini aytarkan, saylovni kechiktirish to’g’ri bo’larmikan degan savolni o’rtaga tashladi.

AQShda saylov kunini konstitutsiyaga ko’ra Kongress belgilaydi. Prezidentda saylovni kechiktirish vakolati bormi?

Ayrim demokrat qonunchilar Trampning “Twitter”dagi bu bayonotidan taajjublanganini aytib, Senatda Tashqi aloqalar qo’mitasidagi tinglovga chaqirtirilgan Davlat kotibi Mayk Pompeoga shu savol bilan murojaat qildi.

“Siz ushbu ma’muriyatning eng malakali, eng tajribali huquqshunosisiz. Aytingchi, prezidentda saylovni kechiktirish huquqi bormi?” - deya so’radi senator Tim Keyn.

“Janob senator, bu masalaga Adliya vazirligi va boshqalar huquqiy baho beradi. Ammo hammamiz, bilamanki siz ham, senator Keyn, saylovlarning ishonchli o’tishini istaymiz. Saylov nafaqat erkin bo’lishi, balki tasdiqdan o’tishi kerak”, - dedi Pompeo.

Yana bir demokrat senator Tom Udalning aytishicha, Prezident Tramp noyabr saylovlari natijalarini qabul qilishini tasdiqlashdan bosh tortishda davom etarkan, ayrim mamlakatlar Qo’shma Shtatlar dunyoda demokratiya bobida yaxshi namuna bo’la olmasligi haqida tashvish bildirmoqda.

“Janob davlat kotibi, agar Prezident Tramp pochta orqali berilgan ovozlarga ishonmagani uchun noyabrda bo’ladigan saylov natijalarini tan olishdan bosh tortsa, siz saylov natijalarini hurmat qilasizmi? Axir Davlat departamenti boshqa mamlakatlarda tasdiqdan o’tgan saylov natijalarini tan oladiku”, - dedi qonunchi Pompega qarata.

“Janob senator, “agar” so’zi ko’p ishlatilgan savolga javob berishda fol ochishni istamayman. Men qonun ustuvorligiga, Konstitutsiyaga bo’ysunaman. Har bir ishda shunga amal qilishga intildim. Bundan keyin ham shunday bo’ladi”, - dedi davlat kotibi.

Vakillar palatasida ozchilikdagi respublikachilar sardori Kevin Makkartining aytishicha, saylov rejaga ko’ra 3-noyabrda o’tkazilishi kerak.

“Prezidentning pochta orqali ovoz berish bilan bog’liq xavotirini tushunaman. Bu sirtdan ovoz berishdan farq qiladi. Ammo tariximizda hali birorta federal saylov qoldirilmagan, bunisini ham qoldirmaslik kerak”, - dedi kongressmen.

Shtat saylov ma’murlari milliy uyushmasi va Davlat kotiblari milliy uyushmasi bu yilgi saylov xavfsizligiga ta’sir qiluvchi birorta holatdan xabarsiz ekanini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG