Breaking News

Tramp va Erdog'an Turkiyaning kurdlarga qarshi amaliyotini muhokama qildi


Tramp va Erdog'anning 2017-yil may oyidagi uchrashuvidan arxiv surat
Tramp va Erdog'anning 2017-yil may oyidagi uchrashuvidan arxiv surat

AQSh Prezidenti Donald Tramp Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog’an bilan telefon muloqotida Suriyaning Afrin shahrida kurd qismlariga qarshi kechayotgan harbiy amaliyot bo’yicha xavotir bildirgan.

Oq uyning bildirishicha, Tramp Erdog’andan harbiy harakatlarni cheklab, tinch aholi orasida talofatlarga yo’l qo’ymaslikni, AQShning Suriyadagi askarlari bilan to’qnashuvlarga olib kelishi mumkin bo’lgan harakatlarning oldini olishni so’ragan.

Erdog’anning aytishicha, Turkiya qo’shinlari va ularga yordam berayotgan suriyalik qismlar o’tgan hafta boshlangan amaliyotda kamida 268 kurd jangarisini yo’q qilgan. Erdog’an Suriyada “Islomiy davlat” terror to’dasiga qarshi jang qilgan kurdlarni Turkiya qora ro’yxatidagi Kurdiston ichshilar partiyasiga bog’laydi.

“Amaliyotimiz terrorchi tashkilotning so’nggi a’zosi yo’q etilmaguncha davom etadi. Jangarilar so’nggi bir necha yilda hududga ko’plab qurol olib kirgan. Mintaqani terror tashkilotlaridan tozalash bizning burchimiz”, - dedi u.

Turkiya terrorchi deb atayotgan kurdlar AQSh ko’magida “Islomiy davlat”ga qarshi samarali kurashib, ko’p hududlarni ozod qilgan.

Kurdlarning Kobanidagi kuchlari qo’mondoni Ismat Hasanning aytishicha, kurdlarni osonlikcha mag’lub etib bo’lmaydi. Butun kurd xalqi biz bilan birga, biz g’alaba qilamiz, dedi u.

Erdog’an AQShning kurdlarga berayotgan yordamini tanqid qilib kelgan. Uning matbuot xizmatiga ko’ra, Tramp bilan telefon muloqoti chog’ida turk rahbari undan bu yordamga chek qo’yishni so’ragan.

“Afrinda nima bo’layotganiga aniq baho berib, vaziyatni yumshatishga harakat qilish, tinch aholiga zarar yetkazmaslik, Turkiyaning xavfsizlikka doir o’rinli xavotirlarini muhokama qilib, Daishga qarshi kurashni davom ettirish kerak”, - deydi Pentagon so’zlovchisi mayor Adrian Gallovey.

Unga ko’ra, Qo’shma Shtatlar faqat “Islomiy davlat”ga qarshi kurashayotgan guruhlarni qo’llab-quvvatlamoqda.

“Bunday harakatlardan voz kechgan, Daishga qarshi kurashni to’xtatgan guruhlar bizdan madad ololmaydi, bundaylarga na qurol-yarog’, na maslahatchilarimizni beramiz, na havodan ularni qo’llab-quvvatlaymiz. Xoh kurdlar bo’ladimi, xoh boshqasi”, - dedi Pentagon rasmiysi.

Gallovey Turkiya va kurdlarni o’tirib gaplashishga da’vat etdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG