“Prezident bo’lsam, xorijiy mamlakatlar ishiga aralashish davriga tez va qat’iy yakun yasaymiz”, - degan edi Tramp 2016-yil saylov kampaniyasi paytida.
Nomzod sifatida Donald Tramp bu masalada umuman boshqacha yondashuv va’da qilgan edi.
“Yaqin Sharqda shu kungacha olti trillion dollar sarfladik. Bu pulga mamlakatimizni ikki marta qayta qursak bo’lardi”, - dedi Tramp prezidentlikka saylangach.
Yillar davomida Tramp AQShning xorijdagi urushlarini tanqid qilib, pul sovurilayotganini, askarlar behuda nobud bo’layotganini aytib kelgan.
Prezidentligining birinchi yilida Tramp mavjud mojarolarga qanday yondashdi? Keskin o’zgarish bo’ldi deb bo’lmaydi. Tramp AQSh harbiy qudratini xorijda ishga solmaslik va’dasida turmadi – so’nggi bir yilda Amerikaning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada qo’shinlari soni 30 foizga oshdi.
Bombardirovkalar ham susaymadi, aksincha, Iroq va Suriyada 2016-yilga qaraganda 30 foiz ko’p bomba tashlandi, Afg’onistonda esa undan ham ko’p.
2017-yilda Dron va boshqa turdagi havo hujumlari kuchaydi, ayniqsa, Pokiston, Liviya, Yaman, Somalida.
“Yamanda bombardimonlar 300 foizga, Somalida 200 foizga oshdi. Bunga ushbu mamlakatlarning faol dushmanona harakatlar zonasi deb e’tirof etilgani sabab bo’ldi. Bu degani Qo’shma Shtatlar o’zini deyarli cheklamay u yerlarga zarba berishi mumkin”, - deydi jurnalist Jessika Purkiss.
Trampning tashqi siyosati o’zidan oldingi prezidentlarnikidan ko’p farq qilmadi. O’zga davlatlar siyosatiga aralashishga barham berilmadi, deydi vashingtonlik tahlilchi Kristofer Prebl.
“U o’ziga meros bo’lib qolgan siyosatni davom ettirgan holda hatto harbiy kuchni ko’proq ishga soldi. Ilgari Afg’oniston urushiga qarshilik bildirgan Tramp prezident bo’ldiyu, aksincha, harbiy harakatlarni yanada kuchaytirdi”, - deydi u.
Tramp tashqi siyosatga doir saylovoldi va’dalarining ustidan chiqolmagan yagona prezident emas.
Barak Obama qo’shinlarni Iroqdan qaytarishga va’da bergan edi. Va’dasining ustidan chiqdiyu, “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi kurashish uchun askarlarni yana Iroqqa qaytardi.
Tashqi siyosat bobida prezidentlikka nomzodlar ko’p va’dalar beradi, ammo juda kam hollarda aytganini qila oladi.
Facebook Forum