Breaking News

Donald Tramp: AQSh ortiq dunyoning nazoratchisi bo'la olmaydi


AQSh Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp fikricha, Ikkinchi jahon urushidan so’ng yuzaga kelgan xalqaro tizim Amerika gardaniga og’ir yuk bo’lib tushmoqda.

Ittifoqchilar, deydi u, AQSh qudrati va nufuzini suiiste’mol qilmoqda. Tramp, agar Oq uyga saylansa, tashqi siyosatda yirik o’zgarishlar qilishini aytadi.

Milliarder Donald Tramp prezidentlik poygasiga kirganidan buyon olamshumul bayonotlar qilib keladi. Navbat tashqi siyosatga ham yetdi. AQSh, deydi tadbirkor, infratuzilmasi xarob bir o’lka va ortiq dunyoning nazoratchisi bo’la olmaydi. Tramp bu haqda “CNN” telekanalida so’zladi.

“NATO qoloq bir tashkilot, tuzilganiga 60 yildan oshdi. Bir qancha davlatni o’z ichiga oladi, ammo terrorizmga qarshi kurashmaydi. Sovet Ittifoqi qulaganiga ancha bo’ldi. Demak, NATO ham o’zgarishi, yangilanishi kerak”, - deydi u.

Trampning NATOga nisbatan tanqidlari, Yaponiya va Janubiy Koreyani himoya qilish AQShga qimmatga tushayapti degan gaplari uning dunyoqarashini aks ettiradi, deydi siyosatshunos Tomas Rayt.

“Amerikaning Osiyo, Yevropa va Yaqin Sharqdagi ittifoqchilar bilan qanday muomala qilishi, savdoni erkinlashtirishga qaratilgan kelishuvlar va iqtisodiy bitimlar Trampga ma’qul emas. Saylansa, Rossiya singari avtoritar rejimlar bilan yaqinroq hamkorlik qilmoqchi. U ko’zlayotgan o’zgarishlar AQSh tashqi siyosatida inqilob bilan barobar”, - deydi Rayt.

Nomzod o’zining maslahatchilari qatorida senator Jeff Seshnsni tilga oladi, lekin komandasida yana kimlar borligi ma’lum emas. Sabab oddiy, deydi Tomas Rayt.

“Tashqi siyosat bobida ko’zga ko’ringan respublikachilar yuqoridagi takliflarni yoqlamaydi. Tramp olg’a surayotgan g’oyalarga hatto o’z partiyasida qarshilik kuchli. Shuning uchun u bilan bir safda turishga tayyor odamlar kam”, - deydi siyosatshunos.

Tramp saylansa, deydi suhbatdosh, AQSh yetakchilikni boy beradi, dunyo beqarorlik domiga tortiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG