Breaking News

Tramp: Tashqi siyosat AQSh manfaatlariga asoslanishi kerak


Respublikachi nomzod Donald Tramp fikricha avvalo Amerika foydasini o'ylab ish ko'rish kerak. Uningcha, global tinchlik uchun shuncha kuch va mablag' sarflash noto'g'ri.
Respublikachi nomzod Donald Tramp fikricha avvalo Amerika foydasini o'ylab ish ko'rish kerak. Uningcha, global tinchlik uchun shuncha kuch va mablag' sarflash noto'g'ri.

AQShda prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Tramp fikricha avvalo Amerika foydasini o'ylab ish ko'rish kerak. Uningcha, global tinchlik uchun hozirgidek kuch va mablag' sarflash noto'g'ri.

"Amaldagi siyosat na o'z manfaatlarimiz uchun xizmat qiladi va na dunyo barqarorligi uchun",- deya so'zladi Tramo bugun Vashingtonda.

Nomzod debatlarda tashqi siyosat haqida odatda umumiy gaplar bilan cheklanadi. Meksika va AQSh orasida baland devor qurib, mamlakatni kelgindilardan asrash haqida gapiradi yoki Xitoy bilan keskinroq gaplashib, Pekinni uning "ayyorona siyosati" uchun javobgarlikka tutish lozim, "o'zboshimcha" Shimoliy Koreyani jilovlashda Xitoyni ishga solish kerak yoki Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan dangal gaplashish zarur degan takliflarni o'rtaga tashlaydi.

Bugungi yarim soatlik nutqini u tashqi siyosatga bag'ishlar ekan, Prezident Barak Obama va uning qo'lida tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan demokrat nomzod Hillari Klintonni tanqid qilib, ularni notavon siyosatchilar, har tomonlama zarar keltirgan prezident va diplomat deb atadi.

Demokratik partiyadan Klinton prezidentlikka yagona nomzod sifatida maydonga chiqishi taxmin qilinar ekan, Tramp uni nishonga olaversa ajabmas.

"Hozirgi prezident va unga xizmat qilgan Klintonda na g'oya, na maqsad, na yo'nalish va na strategiya bor",- deydi Tramp.

Klinton esa bu tanqidga Amerika Obama davrida dunyodagi nufuzi va rolini mustahkamlab oldi, deya javob qiladi. Uningcha, Tramp tashqi siyosat va davlat xavfsizligi nima ekanini tushunmaydigan odam. Tramp prezidentlik uchun layoqatsiz shaxs, lo'ttiboz, deydi Klinton.

Trampga ko'ra esa u prezidentlikka kelishi bilanoq "Islomiy davlat" degan terror guruh yakson qilinadi va AQShning Yaqin Sharqqa nisbatan siyosati tubdan o'zgaradi.

"Bu davlatlarda g'arbcha demokratiyaga aylanish uchun na tajriba va na xohish bor. Biz u yerdagi mavjud tizimlarni buzib, nimaga erishdik? Fuqaro urushlari, diniy mutaassiblik, minglab amerikalikning yostig'i quridi, shuncha hayot bekorga xazon bo'ldi",- deydi Tramp.

"Islomiy davlat" zudlik bilan yo'q qilinadi, tamoman", - deya va'da bermoqda u.

"AQShning raqiblari unga jiddiy qaramay qo'ygan, bizning ustimizdan kulishadi",- deydi Tramp.

Prezident Obama yaqinda Saudiya Arabistoni va Kubaga borganida bu davlatlarning rahbarlari uni aeroportda kutib olmagani sharmandalik, deydi Tramp. Biroq shunisi ham aniqki, Amerika prezidenti ko'plab davlatlarning rahbarlarini odatda aeroportda kutib olmaydi, ularni Oq uyda qarshilaydi.

"Amerika yana qudratli, dunyo tayanadigan va boshqalar uni do'st deb faxrlanadigan davlat bo'ladi", - deya bong urdi Tramp bugungi nutqida.

O'tgan oylar davomida milliarder nomzod Amerikadagi 11 milliondan oshiq hujjatsiz immigrantni deportatsiya qilish, musulmonlarning AQShga kirishini cheklash haqida gapirib keldi. Biroq bu safar u bu borada hech narsa demadi.

Oq uyga saylansa, Tramp Amerikaning barcha xalqaro tashkilotlardagi rolini qayta ko'rib chiqmoqchi. Uning fikricha, Vashington BMT va NATO singari organlarda haddan tashqari ko'p pul sarflaydi va boshqa a'zolar Amerika kuchini suiiste'mol qilishni odat qilgan. Yevropa va Osiyo xavfsizligini ta'minlash Amerikaning vazifasi emas, deya hayqiradi u saylovchilar bilan uchrashuvlarida.

Tramp deydiki, Yaponiya va Janubiy Koreya singari ittifoqchi davlatlar atom quroliga ega bo'lishni istasa, AQSh qarshilik bildirmasligi kerak. Tokio va Seul bu borada og'iz ochmagan lekin Tramp fikricha, dunyoning u qismlarida yadroviy kuchga ega bo'lish - foyda.

Shuningdek, deydi u, terrorizmga qarshi kurashda ayrim mahbuslarni qiynoqqa solishga ham ruxsat berish kerak.

Biroq 27-aprel kuni Amerika poytaxtida qilgan nutqida Tramp bu mavzularga ham to'xtalmadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG