Prezident Donald Tramp savdo bobidagi “Amerika birinchi” siyosati doirasida xalqaro shartnomalardan chiqmoqda, savdo bo’yicha yirik bitimlarni qayta ko’rib chiqyapti, xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotlar importiga tariflarni oshirmoqda. Bu Amerikaning xalqaro savdo bobidagi o’nlab yillik siyosatiga qarama-qarshidir.
Tahlilchilarning ogohlantirishicha, uzviy global savdo sharoitida boshqa mamlakatlar yangi bitimlar tuzayotgan bir paytda Qo’shma Shtatlar yakkalanib qolishi mumkin.
2018-yilda xalqaro savdo shartnomalariga ko’proq mamlakatlar qo’shiladi – xoh AQSh bilan, xoh AQShsiz. Masalan, kelasi ikki oy ichida Trans Tinch okeani hamkorlik bitimi uni imzolagan 11 mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilinadi. Tramp undan chiqqan.
“Mintaqada Keng qamrovli iqtisodiy hamkorlik bitimiga 16 mamlakat a’zo, AQSh kirmagan. Uning negizini 10 davlat a’zo ASEAN mamlakatlari tashkil qiladi, qolgan olti mamlakat – Xitoy, Hindiston, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya va Janubiy Koreya”, - deydi Singapurning AQShdagi elchisi Ashok Kumar Mirpuri.
Xalqaro savdo uyushmasining Vashingtonda o’tgan yillik muloqotida so’zga chiqqan diplomatning aytishicha, Singapur dunyodagi to’rtinchi yirik erkin iqtisodiy zonaning bir qismiga aylanishni maqsad qilgan.
Ba’zan savdo masalalari siyosiy manfaatlar doirasida ko’riladi, deydi Yevropa Ittifoqining AQShdagi elchisi Deyvid Osullivan.
“Savdodagi ochiqlik, hamkorlik tufayli jiddiy rivojlanishga erishdik – ham mamlakatlarimizda, ham dunyoda. Biroq siyosatchilar bu masalaga o’zgacha qaraydi”, - deydi diplomat.
Prezident Tramp kelishuv shartlari ma’qul bo’lsa, Trans Tinch okeani hamkorlik bitimiga qaytishimiz mumkin, deydi. Biroq iqtisodiyotchilarning aytishicha, Tramp savdodagi daromad va kamomadga katta urg’u berib, savdoning iste’mol mollarini arzonlashtirish yoki yangi sanoatlarga turtki berish xususiyatlarini inkor etmoqda.
“Quyosh panellari va kir yuvish mashinalarining narxi oshishi kutilyapti”, - deydi Bryusseldagi “Bryugel” (Bruegel) tahlil markazidan Uri Dadush.
Uning aytishicha, Tramp ma’muriyati yaqinda AQShga shu mahsulotlarni olib kiruvchi xorijiy kompaniyalar importiga tariflarni oshirib, xato qildi. Endi bu mamlakatlar ham Amerika tovarlariga qo’shimcha tarif qo’yishi muqarrar.
“Savdo urushi chiqib ketishidan xavotirdaman”, - deydi u.
Dunyoda eng yirik iqtisodiyotga ega Qo’shma Shtatlarning xarid qilish quvvati va kompaniyalarining imkoniyatlarini inkor etib bo’lmaydi. Biroq ayrim soha mutaxassislariga ko’ra, “Amerikaning foydasi – dunyoning foydasi” qabilida ish tutuvchi siyosat xorijda AQSh kompaniyalariga qiyinchiliklar tug’diradi. Bundan esa Xitoy unumli foydalanib, o’z iqtisodiy ta’sirini yanada kengroq yoyishi mumkin.
Facebook Forum