Qay bir davlatda bo'lmasin, prezident xalqni birlashtiradigan, og’ir damda ruhini ko’tarib, boshini silaydigan rahbar bo’lishi kerak. Prezident Donald Tramp Las-Vegasdagi qonli xuruj, Puerto-Rikodagi tabiiy ofatdan so’ng bu ishning uddasidan chiqqanday.
Oq uyda o'tgan marosimda Las-Vegas qurbonlari uchun bir daqiqa sukut saqlandi. Tramp prezidentligi davrida bu birinchi ommaviy otishma.
U Nevada shtatiga borib jabrlanganlar bilan uchrashdi, tasalli berdi, qutqaruvchilarni maqtadi.
“Dardingizga sherikmiz, sizni yo’lg’izlatib qo’ymaymiz. Siz bilanmiz”, - dedi Tramp.
Prezident bir kun oldin Puerto-Rikodagilarning holidan xabar olgani safar qilgandi.
Mariya to’fonidan aziyat chekkanlarga vaqtida yordam ko’rsatdik, deydi Tramp,noroziliklarga ishora qilib.
“Aksariyat kasalxonalar ochiq, qisman bo’lsa ham ishlab turibdi. Bu ishlar mo’jiza emas, ishlayapmiz”, - deydi u.
Fojida yuz berganda davlat rahbari yo'l ko'rsatadi. Bill Klinton 1995-yilda Oklaxoma shahridagi portlash ortidan hamdardlik bildirgan.
“Amerika siz bilan, doim birgamiz”, - degan edi Prezident Klinton.
Jorj Bush 2001-yil 11-sentabr voqealari ortidan xalqning ruhiyatini ko’tarib chiqishlar qilgan.
“Biz sinmaymiz, yiqilmaymiz, yengilmaymiz ham”, - degan edi Prezident Bush.
Barak Obama Janubiy Karolina shtatida 2015-yil irqchilik oqibatida bo’lgan otishma ortidan xalqqa tasalli bergan.
Tahlilchi John Fortiyer bu kunlar Tramp uchun sinov deydi.
“Las-Vegas voqealaridan so’ng qanday chora ko’rish borasida siyosatchilar kelisha olmaydi. Lekin, menimcha, Tramp o'z ishini bajara oldi”, - deydi u.
Jim Kessler kabi tanqidchilar prezidentni tortishuvlarga bosiqlik bilan yondashishga da’vat etmoqda.
“Menimcha, Tramp ayirmachilikni qoyillatadi. Bu uning siyosiy rejalarini amalga oshirishga yordam beradi deb o’ylaydi. Shuning uchun ham saylanib qolgan”, - deydi tanqidchi.
Trampning oldida turgan navbatdagi dolzarb masala soliq tizimi islohoti.
Facebook Forum