Prezident Donald Tramp o’zining 2020-yilgi saylov kampaniyasi va partiyadoshlarini qo’llab-quvvatlash uchun millionlab dollar to’plamoqda. Donorlardan moliya yig’ish tadbirlari Trampning mehmonxonalarida o’tkazilayotgani tekshiruv va sudga murojaatlarga sabab bo’lmoqda.
Trampning Chikago shahridagi mehmonxonasida mablag’ to’plash tadbiri o’tar ekan, tashqarida namoyishlar…
Tramp ikkinchi muddatga saylanishini prezidentlikka kirishishi bilanoq e’lon qilgan edi. Pul jamg’arish tadbirlarining yana biri shu hafta Trampning Vashingtondagi otelida o’tdi.
“Prezident siyosiy faoliyatini o’z biznesi bilan aralashtirishga qarshi emasligini namoyish etmoqda”, - deydi huquqshunos Rudi Mehrboniy.
Trampga qarashli binolarda o’tkazilgan tadbirlarda millionlab dollar mablag’ to’plangan. Oxirgi uch oyda Trampning kampaniyasi va respublikachilar 125 million dollar jamg’argan. Tramp o’z bizneslarini reklama qilish uchun lavozimidan foydalanayotganini rad etadi.
“Eng zo’r mehmonxonalar meniki. Mijozlar shuning uchun kelishadi”, - deydi u.
Tramp poytaxtdagi mehmonxonasini 2016-yilda ochgan. Umumiy Xizmatlar Boshqarmasi degan federal agentlik bilan ijara to’g’risida kelishuv imzolangan.
Endi esa lizing huquqini sotish masalasi ko’rib chiqilmoqda. AQShda hukumat xizmatchilari chet elliklardan to’lov va sovg’alar olishi taqiqlangani bois qator tashkilotlar Trampni sudga bergan.
Agar binoga chet ellik xaridor chiqsa, bahslar yanada avj olishi va manfaatlar to’qnashuvini yuzaga chiqarishi mumkin. Chunki yuqoridagi boshqarma rahbarini Trampning o’zi tayinlagan.
“Umumiy Xizmatlar Boshqarmasi va Oq uy orasida nazoratchi yo’q yo’q hozir. Manfaatlar to’qnashuvi bu”, - deydi Mehrboniy.
O’tgan hafta Kongress boshqarmadan lizing hujjatlarini so’radi. Trampga bosim oshmoqda. U Ukrainadan demokrat raqibi Jo Baydenni tekshirishni so’ragani, aks holda bu davlatga yordam kechiktirilishi haqidagi da’volar tekshrilmoqda.
“Ukraina rahbari bilan suhbatim a’lo bo’lgan. Shuni bahona qilib, eng muvaffaqiyatli prezidentni impichment qilishmoqchi”, - deydi Tramp o'ziga ishora qilib.
Prezident tekshiruvni qip-qizil yolg’on deya qoralab kelmoqda.
“Odamlar g’azabda, chunki ular nazarida Tramp o’zini imperator yoki shoh yoki absolyut monarxiya ustida turgan, uni saylaganlar oldida javobgar bo’lmagan odamdek tutmoqda”, - deydi siyosatshunos Shenon Obrayen.
Tramp kelasi yilgi Katta Yettilik sammitini ham o’z mehmonxonasida o’tkazmoqchi bo’ldi. Tanqidlar ketidan fikridan qaytdi.
Facebook Forum