Breaking News

Tramp immigratsiya bobida murosa haqida og'iz ochdi


Tramp: Immigratsiya tizimini isloh qilish vaqti keldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:28 0:00

Prezident Donald Tramp immigratsiya masalasida murosaga tayyor ekanini bildirmoqda. AQSh rahbari qonunchilar bilan uchrashib, chegara xavfsizligi, hujjatsiz muhojirlar, “zanjirli” migratsiya va grin karta kelajagi haqida so’z yuritdi.

Immigratsiyani tartibga solish, janubiy chegarani mustahkamlash - Trampning asosiy va’dalari. Ammo ularni muxolifat yordamisiz bajarish qiyin.

“Demokratlar bilan hamkorlik qilmasak bo’lmaydi. Har ikki partiya birgalashib, ajoyib bir qonun qabul qilishimiz kerak”, - deydi prezident.

Oq uyda o’tgan uchrashuvda Amerikada qonuniy maqomga ega bo’lmagan 800 ming muhojir taqdiri haqida gap ketdi. Ularni deportatsiyadan himoya qilgan DACA dasturi Trampning qarori bilan tugatilmoqda.

2001-yildagi zilziladan keyin AQShda boshpana olgan salvadorliklar ham ketishi kerak. Tramp, shuningdek, har yili minglab odamga Amerikada yashash va ishlash imkonini beradigan grin karta lotereyasini yopish istagida. Lekin immigratsiya bo’yicha qonun qabul qilinishi uchun kompromissdan boshqa yo’l yo’q, deya ishora qildi prezident.

“Muhimi, zanjirli migratsiyaga chek qo’yishimiz kerak. Hozirgi tizim orqali juda ko’p muhtoj odamlar kelayapti mamlakatimizga. Bu bizga to’g’ri kelmaydi. Shu davrada o’tirgan aksar qonunchilar fikrimga qo’shilsa kerak”, - dedi Tramp.

Prezident AQShda qonuniy yashayotganlarning qarindosh-urug’larini ham chaqirib olishini nazarda tutmoqda. Yoshligida noqonuniy ravishda Amerikaga olib kelinganlarni mamlakatdan haydashga demokratlar qarshi.

“Prezident biz bilan bu masalada kelishib olmoqchi. Bunga imkoniyat bor”, - deydi demokrat senator Bob Menendez.

Ammo ayrim qonunchilar Trampga saylov kampaniyasi paytida bergan va’dalarini eslatib qo’ymoqda.

“DACA dasturini yopaman deb qat’iy va’dalar bergan, 5-martga borib yopilishi kerak. Shu bilan birga, dasturni saqlab qolish uchun demokratlar bilan savdolashyapti”, - deydi respublikachi kongressmen Stiv King.

Tramp Meksika bilan chegarada devor qurish uchun Kongressdan 18 milliard dollar so’ramoqda. Bo’lajak devor nusxalarini hozirdan ko’rish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG