Breaking News

Prezident Tramp "Islomiy davlat" to'dasi rahbari o'ldirilganini ma'lum qildi


Abu Bakir al-Bag'dodiy, "Islomiy davlat" (Daish, IShID)
Abu Bakir al-Bag'dodiy, "Islomiy davlat" (Daish, IShID)

AQSh Prezidenti Donald Trampning aytishicha, "Islomiy davlat" jangari to'dasi rahbari Abu Bakir Bag'dodiy Suriyada AQSh maxsus kuchlari amaliyoti paytida o'lgan.

"Tunda Qo'shma Shtatlar dunyoning birinchi raqamli terrorchisini javobga tortdi", - deya e'lon qildi Tramp Oq uydan turib.

Unga ko'ra, amaliyot natijasida AQSh harbiylari talafot ko'rmagan, bir necha jangari o'ldirilgan. Tramp Bag'dodiy tunnelga yashirinib, qochishga harakat qilganini, yig'laganini, baqirganini, egnidagi suiqasd kamarini harakatga keltirib, portlashda o'zi va uch bola halok bo'lganini aytdi.

Matbuotdagi xabarlarga ko'ra, Suriyaning Idlib viloyatida amalga oshirilgan amaliyotda jangovar vertolyotlar, samolyotlar va dronlar qatnashgan.

Prezident Tramp Bag'dodiy o'ldirilganini e'lon qildi
Prezident Tramp Bag'dodiy o'ldirilganini e'lon qildi

Bag'dodiyning o'lgani haqida ahyon-ahyonda xabarlar chiqib turgan, ammo tasdig'ini topmagan. So'nggi bor uning ovozi bitilgan 30 daqiqali audiomurojaat sentabr oyida tarqalib, Bag'dodiy AQSh va ittifoqchilariga qarshi kurash hali tugamaganini aytgan edi.

“AQSh quruq gaplar va hamkorlariga quruq va'dalar berishdan boshqasiga yaramay qoldi", - deyilgan edi o'sha audioda.

2016-yilda Qo'shma Shtatlar Bag'dodiyning boshi evaziga yoki uni jazolashda qo'l keladigan ma'lumot uchun 25 million dollar mukofot puli va'da qilgan edi.

Bag'dodiy asli iroqlilk bo'lib, 1971-yilda Samarra shahrida tug'ilgan. U AQSh qo'shinlari tomonidan 2003-yilda ushlanib, Iroq-Quvayt chegarasidagi lagerda saqlangan, 2009-yilda esa ozod etilgan edi.

2014-yilda u Suriya va Iroq hududlarida "Islomiy davlat" xalifaligini e'lon qilib, o'zini xalif deb e'tirof etgan.

2017-yil iyunida Iroqning Musul shahri "Islomiy davlat"dan ozod etilgan. Shu yil martida esa suriyalik kurd kuchlari AQSh harbiylari yordamida "Islomiy davlat"ni Suriyadagi so'nggi qal'asi Bag'uz shahridan quvib chiqargan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG