AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Oq uy Isroilning G’arbiy Sohildagi posyolkalarga nisbatan siyosatiga tuzatish kiritmoqda.
Davlat departamenti 1978-yilda huquqiy xulosa qabul qilib, yahudiylarning istilo qilingan Falastin hududlaridagi qurilishlari xalqaro qonunga zid degan edi. Biroq Tramp ma’muriyati endi bu siyosatdan voz kechmoqda.
Dunyodagi aksariyat davlatlar Isroilning Falastin yerlaridagi aholi punktlarini noqonuniy deb biladi. Tinch aholining urush paytidagi himoyasini ta’minlovchi To’rtinchi Jeneva konvensiyasiga ko’ra, bosqinchi davlat o’z aholisini istilo qilingan yerlarga ko’chirishga haqqi yo’q. Isroil fuqarolarining posyolkalarga ko’chirilmaganini va shu tariqa qonunni buzmaganini aytib keladi.
Pompeoga ko’ra, Tramp o’zidan oldingi prezident Barak Obamaning bu masaladagi siyosatiga jiddiy tuzatish kiritmoqda.
“Ushbu huquqiy munozarada qatnashgan barcha tomonlar fikrlarini sinchkovlik bilan o’rganib, hozirgi ma’muriyat Ronald Reygan xulosasiga qo’shilishini bildirmoqchiman. Isroilning G’arbiy Sohildagi aholi punktlari xalqaro qonunga zid emas”, - dedi Pompeo.
Shu kungacha Qo’shma Shtatlar bu masalada Davlat departamentining 1978-yilda qabul qilingan huquqiy xulosasiga ko’ra siyosat yuritardi. Shundan beri siyosat o’zgarmagan, biroq Qo’shma Shtatlar Isroil Falastin yerlarida qurgan aholi punktlarini noqonuniy deb tilga olmagan. Pompeoga ko’ra, ularni qonunga zid deyish shu paytgacha mintaqada tinchlikning o’rnatilishiga yordam bermadi.
“Achchiq haqiqat shuki, bu mojaroga huquqiy yechim topib bo’lmaydi. Qonunchilik asosida kim haq, kim nohaqligini aniqlashga qaratilgan bahslar tinchlikka yetaklamaydi. Bu murakkab siyosiy muammo bo’lib, uni Isroil va Falastin muzokara orqali hal qilishi kerak. Qo’shma Shtatlar esa bu jarayonda vositachi bo’lishga tayyor”, - dedi davlat kotibi.
Prezident Tramp Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olganidan so’ng Falastin ma’muriyati AQShning vositachi bo’lishini istamaydi. Falastin Sharqiy Quddusni bo’lajak davlatining poytaxti sifatida ko’radi, Trampning Yaqin Sharqdagi siyosatini noxolis deb biladi.
Demokratik partiyadan prezidentlikka da’vogar senator Berni Sanders “Twitter” orqali Isroilning istilo qilingan hududlardagi aholi punktlari noqonuniy ekanini bildirib, Trampni o’zining keskin qarashlarga ega saylovchilari ko’nglini ovlash uchun diplomatiyaga zid siyosat yuritayotganlikda aybladi.
Yevropa Ittifoqi ham bayonot chiqarib, Isroilning istilodagi Falastin yerlari, jumladan Sharqiy Quddusdagi barcha aholi punktlari qonunga zid ekanini e’tirof etib, Isroilni bu hududlarda qurilishlarni bas qilib, istilochi davlat sifatidagi majburiyatlardan chetga chiqmaslikka chaqirdi.
Facebook Forum