Amerikada bir prezident iste’foga chiqib, ikkinchisi Oq uyga kirar ekan, yangi rahbar iqtisodiyotni qanday ahvolda qabul qilib olishi muhim. Barak Obama prezidentlikka qattiq moliyaviy inqirozdan so’ng kirishgan, Tramp esa mehnat bozori gavjum bir pallada ish boshlamoqda.
“Obama o’zi va ma’muriyatining bu boradagi ishidan nisbatan qoniqishga haqli. Trampga ancha oson bo’ladi”, - deydi ekspert Mark Xemrik.
2009-yilda ishsizlik darajasi 10 foiz atrofida edi, har oy minglab odam ishsiz qolayotgan edi. O’shandan beri salkam 11 million ish o’rinlari yaratildi, qatorasiga 75 oy davomida ijobiy ko’rsatkichlar qayd etildi.
Ayniqsa, qurilish sohasi bu borada peshqadam.
Amerika pudratchilari uyushmasi bosh iqtisodchisi Ken Simonsonning aytishicha, 2017-yil ham soha vakillari uchun yaxshi davr bo’ladi.
“Yangi Oq uy ma’muriyati, yangi Kongress infratuzilmani rivojlantirish uchun katta miqdorda pul ajratsa, yaxshi bo’lardi”, - deydi u.
Energetika sektorida ham ishlar yaxshi. Neft narxi qayta ko’tarilmoqda. Amerika neft instituti prezidenti Jek Jirard AQSh xom nefti eksportiga qo’yilgan taqiqning yaqinda olib tashlanganini olqishladi.
“Bu biz uchun juda ham katta imkoniyat”, - dedi u yaqinda bo’lib o’tgan yillik tadbirda.
Oddiy amerikaliklar esa maoshlarning yanada oshishini kutmoqda. 2009-yildan beri ishchilar maoshi muntazam ravishda o’sib borgan.
“Oyliklarning ko’tarilayotgani quvonarli hol. Yaqin kelajakda bu jarayon davom etadi degan umiddaman”, - deydi tahlilchi Xemrik.
Ayrim iqtisodchilarga ko’ra, mehnat bozori oldingi yillarga qaraganda chaqqon bo’lmasligi mumkin. Ayni damda 7,5 million odam hamon ishsiz.