AQSh Prezidenti Donald Tramp Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashishi mumkin. Uchrashuv qayerda va qachon bo’lishi hozircha noma’lum. Har ikki rahbar bungacha uchrashuvga tayyor ekanini aytib kelgan.
Prezident Tramp muloqot orqali Pxenyan yadro dasturiga barham berish umidida, Kim Chen Un ham shunday ehtimol mavjudligini aytgan.
“Ko’plab odamlar Shimoliy Koreyaga qarshi urush qilamiz deb o’ylagan erdi. Endi esa hammasi uchrashuv bo’lishi mumkinligidan, sinovlar to’xtaganidan hayratda”, - dedi Tramp.
Oq uy matbuot kotibiga ko’ra, muloqot tafsilotlari aniq emas hozircha.
Ayni damda rejalash eng boshlang’ich bosqichda, deydi Raj Shoh.
“Uchrashuv bo’lgunga qadar Shimoliy Koreya raketalarini sinashi, yadro qurollarini sinashi, AQSh-Janubiy Koreya harbiy mashg’ulotlariga e’tiroz bildirishi mumkin emas. Bundan boshqa shartlar yo’q”, - dedi Oq uy rasmiysi.
Tramp Amerikaning o’zidan oldingi prezidentlarini bu masalada samarali siyosat yuritmaganlikda ayblab kelgan. Sobiq Prezident Barak Obama ma’muriyatida milliy xavfsizlik bilan shug’ullangan Ben Rouds Tramp siyosati ham natija bermasligini aytadi.
“Bitta uchrashuvdan so’ng Shimoliy Koreya yadro qurollaridan voz kechadi deb o’ylash xomxayol. Diplomatiyaga qarshi emasman, biroq uni to’g’ri yuritish lozim. Siyosat ish bermasa, mojaro tahdidi kuchayishi mumkin”, - deydi ekspert.
Tramp sabrli bo’laylik, deydi.
“Nima bo’lishini bilmaymiz, albatta. Balki muzokaralardan tez chiqib ketarman, balki o’tirib, gaplashib, dunyo uchun eng muhim shartnomaga kelisharmiz. Bundan Shimoliy Koreyaga ham foyda. Ko’ramiz”, - deydi Tramp.
AQSh qonunchilari ham uchrashuvdan biror natija chiqishiga ishonmaydi, ammo bunday imkoniyatdan yuz o’girish kerak emas, deydi ular.
Facebook Forum