Breaking News

Oq uyda niqob taqish majburiy, ammo Tramp uchun emas


AQSh vitse-prezidentining matbuot kotibi va prezidentning katta maslahatchisi Stiven Millerning rafiqasi koronavirusga chalinganidan so’ng Prezident Tramp Oq uy xodimlari va mehmonlariga shu haftadan boshlab niqob taqib yurishni buyurdi.

“Menga yoki bir-biriga yaqin turishsa, niqob taqishga majbur. Men hech kimga yaqin turmayman”, - dedi Tramp.

Prezidentning o’zi maska taqqani yo’q. Yaqinda niqob tayyorlovchi korxonaga borganida ham taqmagan edi.

“Prezidentlar, bosh vazirlar, diktatorlar, qirol va qirolichalar oldida niqobda o’tirsam g’alati bo’ladi. Men o’zimga ep ko’rmayman”, - deydi u.

“AQSh prezidentining niqobda yurishi tasviriy propaganda nuqtai nazaridan Trampga to’g’ri kelmaydi. Nazarimda, Tramp uchun bu zaiflikdan dalolat”, - deydi Texas A&M universitetida siyosatdan dars beruvchi Jennifer Mersiyeka.

Aprel boshida AQSh Yuqumli kasalliklarning oldini olish markazi koronavirusdan saqlanish uchun amerikaliklarga niqob taqishni tavsiya qilgan.

“Ko’pchilik maska taqib yursa, havodan o’tuvchi viruslar, koronavirus, gripp tarqalishini kamaytirsa bo’ladi. Bu juda ham muhim”, - deydi Vanderbilt universiteti professori Uilyam Shafner.

AQShda aholi niqob taqishga o’rganmagan. Yaqinda o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, demokratlarning 79 foizi, respublikachilarning esa 59 foizi ko’chada niqob taqib yurishini bildirgan. Bu esa bunday amaliyot ayrim amerikaliklarni karantinga qarshi namoyishga chiqishga undayotgan siyosat qurboni bo’lganini ko’rsatadi.

Texaslik siyosatshunos Jennifer Mersiyekaning aytishicha, so’nggi yillarda AQSh jamiyatida kuzatilayotgan bo’linish sog’liqni saqlash sohasini ham qamrab olgan.

“20-30 yil davomida “biz ularga, ular esa bizga qarshi” degan tushuncha bilan yashab kelgan odamlar salomatlik masalasida ham “biz qanday fikrdamiz, ular qanday fikrda” degan qolipdan chiqa olmaydi. Partiyaviy siyosat doirasida fikrlash jamoat xavfsizligini xavf ostiga qo’ymoqda”, - deydi u.

Vakillar palatasining demokrat spikeri Nensi Pelosi respublikachi prezidentni niqob taqmagani uchun tanqid qilarkan, Tramp bunday halokatli pandemiya paytida o’rnak bo’lishi kerak, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG