Breaking News

Makron ketidan Vashingtonda Merkelni ham kutishmoqda


AQSh Prezidenti Donald Tramp Vashingtonda Fransiya rahbari Emmanuel Makronni davlat tashrifi bilan qabul qildi. Shu hafta Germaniya kansleri Angela Merkelni ham Oq uyda kutishmoqda.

Yevropaning har ikki rahbari Trampni Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimdan chiqmaslikka hamda Yevropa po’lati va alyuminiysi eksportiga boj to’lovlarini joriy etmaslikka ko’ndirishga harakat qilmoqda.

Tramp va Makron turli masalalarga turlicha qarasa-da, ammo o’zaro tez til topishib ketgan arboblardir.

“So’nggi bir yilda vujudga kelgan bu ajoyib do’stlik ikki mamlakatni bir-biriga bog’lovchi davomiy do’stlikdan dalolatdir”, - dedi Tramp.

“AQSh va Fransiya birgalikda terrorizmni mag’lub qiladi. Birgalikda ommaviy qirg’in qurollarining tarqalishiga qarshi turamiz, xoh Shimoliy Koreya, xoh Eron bu ish ortida tursin”, - dedi Makron.

AQSh va Fransiya bir necha kun oldin Suriyaga havodan hujum qildi. Germaniya bu amaliyotda qatnashmadi. Shunga qaramay, bu mamlakat AQShning yaqin harbiy ittifoqchilaridan sanaladi.

“Germaniya Suriya mojarosida asosan gumanitar yordam bilan shug’ullanmoqda. Nafaqat Suriyada, balki Mali va Afg’onistonda, Yaqin Sharqdan qochqinlarni qabul qilgan”, - deydi Yevropa islohoti markazidan Sofiya Besh.

AQSh va G’arb mamlakatlari Suriya masalasida hamfikr bo’lsa-da, Eronga kelganda siyosatlari farq qiladi. Tramp Eron yadroviy bitimga rioya qilayotganini 12-maygacha tasdiqlashi zarur, aks holda Qo’shma Shtatlar hujjatni bekor qilishi mumkin. Fransiya va Germaniya esa Trampni bitimdan chiqmaslikka chaqirmoqda.

“Germaniya bitim shartlari bajarilayotganini yaqindan nazorat qiladi. Albatta bu shartnoma barcha muammolarni hal qilmaydi. Eronning ballistik raketa dasturidan tashvishdamiz. Britaniya, Fransiya va AQSh bilan shu masalada maslahatlashyapmiz”, - deydi Merkel.

Tahlilchilarga ko’ra, Trampni fikridan qaytarish Merkelga oson bo’lmaydi.

“Bitim Trampni qoniqtirmayapti. AQSh hujjatni bekor qilsa, yevropaliklar qanday ish tutishi mumkin. Hozir mana shu ssenariy haqida o’ylash kerak. Eron bilan yaxshi gaplashib turish zarur”, - deydi tahlilchi Sofiya Besh.

Merkel Trampdan Yevropa Ittifoqi mahsulotlariga qo’yilishi rejalanayotgan boj to’lovlaridan butunlay ozod etishni so’rashi kutilmoqda.

“AQSh alyuminiy va po’lat importiga kelganda hozircha Xitoyni ko’proq nishonga olmoqda. Yevropa tariflardan vaqtincha mustasno. Shunday bo’lib qolishi ehtimoli yuqori. Atlantika do’stligi Amerika proteksionizmidan ustunroq kelishi mumkin”, - deydi siyosatshunos Bertran Badi.

Yevropa Ittifoqi shu hafta Meksika bilan erkin savdo bo’yicha bitim imzoladi. Tramp esa Meksika va Kanada bilan imzolangan Shimoliy Amerika erkin savdo shartnomasini qayta ko’rib chiqmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG