Prezident Donald Tramp Yaqin Sharq tinchligi bo’yicha rejasini e’lon qilish arafasida. Biroq bu jarayonga Falastin aralashmagan. Muxtoriyat rasmiylari Tramp ma’muriyatidan xafa.
Oq uyda Iordaniya qiroli Abdulla bilan uchrashgan Tramp o’z rejasini “Asr kelishuvi” deb atadi.
“Yaqin Sharqda katta muvaffaqiyatlarga erishyapmiz. Eron yadro dasturi bo’yicha puch ishlangan bitimdan chiqdik”, - dedi Tramp.
Uning Yaqin Sharq tinchligiga doir rejasini mintaqadagi davlatlar qo’llab-quvvatlamasa, undan foyda bo’lmaydi. Iordaniya qiroli Tramp ma’muriyatini Falastin davlatini barpo etishda yordam berishga chaqirib keladi.
O’tgan hafta Trampning kuyovi va bosh maslahatchisi Jared Kushner hamda Yaqin Sharq bo’yicha maxsus elchi Jeyson Grinblat mintaqaga borib, Oq uy rejasini muhokama qilgan.
Falastin tomoni ular bilan uchrashishdan bosh tortdi, chunki muxtoriyat AQSh rahbarining Quddus shahrini Isroil poytaxti sifatida tan olganidan hamda AQSh elchixonasini Quddusga ko’chirganidan norozi.
Falastinliklar Sharqiy Quddusni bo’lajak davlatining poytaxti sifatida ko’radi.
Kushnerning Falastinda chiqadigan gazetaga bergan intervyusida aytishicha, Oq uy rejasini Falastin ishtirokisiz ham e’lon qilaveradi.
Muxtoriyat muzokarachisi Soib Erekat nazarida, Vashington diplomatik yechimdan qochmoqda.
“Tramp ma’muriyati muzokaralardan buyruqqa o’tdi. Muammo yechimini buyruq orqali topishmoqchi”, - deydi u.
Facebook Forum