Breaking News

Tramp: Mirziyoyevni vatanida ham, xorijda ham hurmat qilishadi


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oq uyga ilk tashrifi va Donald Tramp bilan uchrashuvi yakunlandi. Muzokaralardan oldin ikki rahbar matbuotga qisqa bayonot berdi.

"O'zbekiston prezidentini ulkan sharaf bilan kutib olyapmiz. Uni o'z vatanida ham, xorijda ham chuqur hurmat qilishadi. O'zbekiston bilan turli yo'nalishlarda, jumladan savdo bobida yaqindan hamkorlik qilayapmiz. Aytish joiz, O'zbekiston AQShga sarmoya kiritgan. Bizning ham u yerda sarmoyalarimiz bor. Ayni damda harbiy sohada hamkorlik qilyapmiz. O'zbekiston harbiy texnika sotib olyapti bizdan", - dedi Tramp.

Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, Qo'shma Shtatlar O'zbekiston mustaqilligi, suvereniteti, hududiy daxlsizligini Mustaqillikning ilk yillaridan beri qo'llab-quvvatlab kelgan.

"AQSh va O'zbekistondagi so'nggi prezident saylovlaridan beri ikki mamlakat munosabatlari yangi bosqichga ko'tarilgan", - dedi Mirziyoyev.

O'zbekiston rahbari AQSh prezidentining iqtisodiyotdagi yutuqlarini, soliq islohotlarini amalga oshirganini, yangi ish o'rinlarini yaratganini olqishladi.

"Siz bilan Riyodda va Nyu-Yorkdagi uchrashuvlarimiz hamda o'tgan yili telefon orqali bo'lgan suhbatimiz ketidan bugungi uchrashuvni tarixiy deb atasak bo'ladi. So'nggi bir yarim yilda sarmoyalar bobida AQSh bilan yaqindan hamkorlikdamiz. So'nggi paytlarda Amerikadan ko'plab texnologiya va texnika olayapmiz", - dedi Mirziyoyev.

O'zbekiston rahbarining aytishicha, oxirgi kunlarda AQShning yetakchi kompaniyalari bilan 5 milliard dollarga teng shartnomalar imzolandi.

"O'zbekiston va AQSh o'rtasida strategik hamkorlikning yangi davri boshlandi", - dedi Mirziyoyev.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG