NATO sammitida qatnashish uchun Bryusselga borgan AQSh Prezidenti Donald Tramp alyans bosh kotibi bilan uchrashuv chog’ida Germaniyadan shikoyat qildi. Unga ko’ra, bu mamlakat Rossiyaning “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri qurilishini qo’llab-quvvatlab, Kreml asiriga aylandi.
Quvur Boltiq dengizi tubidan yotqizilib, Rossiya gazini Germaniyaga yetkazishi ko’zda tutilmoqda. Yiliga 55 milliard kubometr gazni o’tkazish quvvatiga ega quvur 2019-yil oxiridan ishga tushadi.
“Germaniya ko’mir zavodlarini yopib, atom energiyasidan voz kechib, Rossiya asiriga aylandi. Germaniyaning Rossiyadan bunchalik ko’p gaz va neft olishiga NATO e’tibor qaratishi lozim. Germaniya Rossiyaga milliardlab dollar to’lashi, ammo uning mudofaasi bilan AQShning shug’ullanishi to’g’ri emas”, - dedi Tramp.
Germaniya kansleri Angela Merkelning aytishicha, uning mamlakati NATO faoliyati uchun qo’shin ajratishda son jihatdan Amerikadan keyin turadi.
"Afg’onistonda ham faolmiz, demak biz ham AQSh manfaatlarini himoya qilyapmiz", - dedi u.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning ta’kidlashicha, alyansga a’zo davlatlar oradagi kelishmovchiliklarni hamkorlik ruhida hal qilishi kerak.
“Birlashgan o’zar, birlashmagan to’zar. Ittifoqchilarimizni mudofaa qilish uchun NATO kuchli bo’lishi kerak, buning uchun kollektiv mudofaani kuchaytirishimiz kerak. Amerika, Kanada, Yevropa qo’shinlari birgalikda harakat qilsagina, ko’p narsaga erishadi”, - dedi Stoltenberg.
AQSh rahbariga ko’ra, alyansning ayrim a’zolari mudofaa uchun yetarlicha pul sarflamayapti, ularning mudofaasi Amerika zimmasida.
Facebook Forum