Breaking News

Tramp NATO sammitida qatnashish uchun Londonga yo'l oldi


3-dekabr kuni Londonda NATOga a’zo davlatlar rahbarlari sammiti bo’lib o’tadi. AQSh Prezidenti Donald Tramp alyans 70 yilligini nishonlash uchun yubiley tadbirda qatnashadi. Tramp prezident bo’lganidan beri Yevropa rahbarlari Vashingtonning NATO siyosatiga xavotir bilan qaramoqda.

Xalqaro hayot - 2-dekabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:40 0:00

Oktabr oyida Turkiya Suriya shimoliga qo’shin kiritishi ketidan Donald Tramp NATOdagi ittifoqchilar bilan maslahatlashmay AQSh qo’shinlarini Suriyadan chiqarishni buyurdi.

“Aynan shu paytda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron alyans AQSh liderligini boy berganiga ishora qilib, NATO miyasi falaj bo’lganini aytdi”, - deydi Vashingtodagi Amerika tadbirkorlik institutidan Gari Shmitt.

Vashingtonda impichment bo’yicha surishtiruv davom etarkan, unga sabab bo’lgan Rossiya va Ukraina omillari va bu ikki davlat o’rtasidagi ixtilof Trampning NATOdagi ittifoqchilari bilan aloqalarini yanada taranglashtirmoqda.

O’tmishda NATOni eskirib qolgan tashkilot deb aytgan va undan chiqamiz deb do’q-po’pisa qilgan Tramp so’nggi paytlarda bu gaplarini takrorlagani yo’q, ammo a’zo davlatlarni a’zolik badalini yetarlicha to’lamayotgani uchun koyishda davom etmoqda. NATO qoidasiga ko’ra, a’zolar yalpi ichki mahsulotining ikki foizini mudofaaga ajratishi kerak.

Amerika rasmiylari NATOdan yuz o’girganimiz yo’q, deb Ukrainaga harbiy yordam ko’rsatayotganiga ishora qilmoqda. Biroq ba’zi rahbarlar nazarida, Tramp prezidentligi paytida AQSh blokka yetarlicha e’tibor qaratmayapti.

“Ayrimlari Tramp tez orada ketishiga umid qilmoqda. Biroq ikkinchi muddatga saylanishidan xavotirda”, - deydi Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazidan Xans Kundnani.

Qit’adagi turli davlatlar AQShning Yevropadagi pozitsiyasiga turlicha qaramoqda. Masalan, Parij strategik muxtoriyat g’oyasini ilgari surmoqda, ya’ni Yevropa o’z xavfsizligi bilan o’zi shug’ullanishi kerak. Varshava esa Tramp bilan ikki tomonlama aloqalarni kuchaytirish orqali xavfsizligini ta’minlamoqchi.

“Qoq o’rtada esa Germaniya turibdi. Undagi ayrim siyosatchilar NATOga ishonishda, NATOni Yevropa xavfsizligi kafolatchisi deb bilishda davom etmoqda, boshqalar esa post-atlantik yo’nalish tarafdori, ya’ni ko’proq Fransiya pozitsiyasi tomon og’moqda”, - deydi Kundnani.

Ba’zi rahbarlar NATO anjumanida Trampni oldingi uchrashuvlardagi kabi asabiylashishini istamaydi va buning oldini olishga harakat qiladi.

“Ular muvaffaqiyatlar haqida gapirib, bunga Tramp bosimi sababchi bo’lganini aytishlari mumkin. AQSh prezidentini maqtab qo’yishsa ham bo’ladi, garchi shaxsiy xusumat bois bunday qilish qiyin bo’lsa-da”, - deydi tahlilchi Gari Shmitt.

Sammitdan oldin NATO alyans xarajatlari taqsimoti qayta ko’rib chiqilib, Vashington hissasi kamaytirilgani haqida e’lon qildi. Ba’zilar bu Trampni tinchitish uchun qilinganiga ishora qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG