AQShda yangi ma’muriyatga tayinlangan bir necha rasmiy shu hafta Senat tasdig’idan o’tishi kutilmoqda, ayniqsa milliy xavfsizlikka aloqador odamlar. Shulardan eng muhimi - davlat kotibi lavozimiga nomzod Reks Tillerson. Yetakchi respublikachi senatorlar uning tasdiqlanishiga g’ov bo’lmoqchi emas.
Donald Tramp qasamyodidan bir necha soat o’tgach, Senat ko’pchilik ovoz bilan yangi mudofaa va ichki xavfsizlik vazirlarini tasdiqladi. Endigi navbat Tillersonga. Ayrim qonunchilar uning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan iliq munosabatidan tashvishda.
“Bu masala bizni o’ylantirib qo’ydi. Shubha tug’ilishi tabiiy, ammo yangi prezidentga ishonishimizga to’g’ri keladi”, - deydi senator Jon Makkeyn.
Shu hafta Markaziy razvedka boshqarmasi direktori lavozimiga nomzod Mayk Pompeoning ham tasdiqlanishi kutilmoqda. Juma kuni uning nomzodi ovozga qo’yilmagani Oq uy noroziligiga sabab bo’ldi.
“Senatdagi demokratlar bu ishni ataylab cho’zib, milliy xavfsizlik masalasini siyosiy o’yinga aylantirmoqda. Jurnalistlar shunga e’tibor berishi kerak”, - dedi Tramp matbuot kotibi Shon Spayser.
Respublikachilarning ta’kidlashicha, Trampgacha bo’lgan barcha prezidentlarning vazirliklarga aksariyat nomzodlari shu kunga qadar tasdiqlangan bo’lardi.
"Masalan, 2009-yilda Barak Obama ma’muriyatiga nomzodlari ko’rsatilgan yetti kishi inauguratsiya kuniyoq tasdiqdan o’tgan edi. Hozir esa faqat ikki kishi. Milliy xavfsizlikka aloqador vazirliklar rahbarlarini tezroq tasdiqlash zarur, chunki hozir bunga har qachongidan ehtiyojimiz kattaroq”, - dedi senator Makkeyn.
Demokratlarning tushuntirishicha, nomzodlarning moliyaviy hujjatlarini ko’zdan kechirish vaqt olmoqda.
“Bo’lajak vazirlarni har qachongidan sinchkovlik bilan tekshirish zarur, chunki Tramp mahkamasiga nomzodlar milliarderlar va bankirlardan iborat. Ularning biznes manfaatlari hukumat manfaatlari bilan to’qnashmoqda, axloqiy nuqtai nazardan bu muammo tug’dirmoqda”, - deydi demokrat-senator Chak Shumer.
Moliya, energetika, sog’liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirliklari hamda Atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga bo’lajak rahbarlar ham Senatda tasdig’ini kutmoqda.