Juma kuni Donald Tramp Amerikaning 45-prezidenti sifatida qasamyod keltiradi. Senatdagi respublikachilar u kunga qadar Tramp tayinlagan barcha vazirlar nomzodining tasdiqlanishiga umid qilmoqda.
Barak Obama esa juma kuni vakolatini topshiradi.
“Amerika xalqiga xizmat qilish buyuk sharaf bo’ldi men uchun”, - dedi u.
Tramp inauguratsiya marosimi yaxshi o’tishiga umid qildi.
U vazirlikka nomzodlarini ko’rsatgan qaysi arboblar Senat tasdig’idan o’tishi hozircha aniq emas. Yetakchi respublikachi qonunchilar davlat kotibi bo’lishga nomzod Reks Tillersonning Rossiya bilan aloqalaridan xavotirda.
“Vladimir Putin va uning hamtovoqlari sonsiz dissidentlar, jurnalistlar va siyosiy raqiblarini yo’q qilishni buyurganiga ishonasizmi? – deya so’radi senator Marko Rubio.
“Bunday da’vo qilishga yetarlicha ma’lumotim yo’q”, - dedi Tillerson.
“Bu maxfiy ma’lumot emas, janob Tillerson”, - deya hujumda davom etdi Rubio.
Agar Senat Tashqi aloqalar qo’mitasidagi barcha demokratlar va ulardan bir a’zo ustun respublikachilarning bir nafari Tillerson nomzodiga qarshi ovoz bersa, u lavozimga tasdiqlanmaydi.
“Tashqi siyosatimizda ma’naviylik ustun bo’lishini istasak, bu masalada partiyam siyosatidan kelib chiqib emas, to’g’ri bo’lgan ishga ovoz beraman”, - dedi Rubio.
Demokratlar respublikachi senator Jeff Seshnzning adliya vaziri lavozimiga tayinlanishiga qarshi.
“Agar Seshnz vazir bo’lsa, nogiron fuqarolar, turli irqqa mansub va jinsiy yo’nalishi o’zgacha fuqarolar kelajagidan xavotir olgan bo’lardim”, - dedi senator Temmi Dakvort.
Respublikachilarda Seshnzga e’tiroz yo’q.
“Bu obro’li va halol, qonun ustuvorligiga sodiq inson”, - dedi senator Chak Grassli.
Mudofaa vaziri bo’lishga umid qilayotgan general Jeyms Mattis nomzodini esa ayrim demokratlar ham qo’llab-quvvatlamoqda.
“Rossiya bilan hamkorlikka yetaklovchi sohalar kamayib, tortishuvga sabab bo’layotgan sohalar borgan sari ko’paymoqda”, - dedi Mattis.
Markaziy razvedka boshqarmasi direktori lavozimiga tayinlangan kongressmen Mayk Pompeo ham muammoga uchramasligi ayon bo’lmoqda.
“AQSh saylovlariga Rossiyaning aralashgani kundek ravshan. Ular ma’lumotlarni o’g’irlab, Amerika demokratiyasiga dog’ tushirmoqchi bo’ldi”, - dedi Pompeo.
Tramp Vazirlar mahkamasi yuqori malakali kadrlardan iborat bo’lishiga umid qilmoqda.
“Muvaffaqiyatli insonlarga muhtojmiz. Bu odamlar aqlli, ko’p yutuqlarga erishgan”, - dedi Tramp.