AQSh Prezidenti Donald Tramp ma’lum shartlar bajarilsagina Shimoliy Koreya bilan muloqot qilaman, demoqda. Biroq agar Pxenyan yadroviy va ballistik raketa dasturlaridan voz kechmasa, ko’plab insonlar tasavvur qilib bo’lmas darajada nobud bo’lishi mumkin, dedi u.
Trampga ko’ra, undan oldingi prezidentlar Shimoliy Koreya masalasini hal qila olmagan, ammo u bu mamlakat rahbarlari bilan gaplashishga tayyor.
“Shimoliy Koreyaning biz bilan gaplashgisi bor. Sharoit shuni taqozo etsa, biz ham gaplashamiz. Bu ish 25 yildan beri cho’zilmoqda. Prezidentlarimiz muammoni ancha oldin hal qilishlari kerak edi. 25 yil gapdan nariga o’tishmadi. Natija bo’lmadi”, - dedi Tramp.
Qo’shni Janubiy Koreyada Qishki Olimpiada yakunlanib, butun dunyoning nigohi yana Shimoliy Koreyada. Juma kuni AQSh e’lon qilgan yangi sanksiyalar bu mamlakatga aloqador bir necha shaxs va kompaniyani nishonga oladi.
Olimpiya o’yinlarining yopilish marosimida qatnashgan Oq uy matbuot kotibasi Sara Xakkabi Sandersning aytishicha, yarimorolni yadrodan xoli zonaga aylantirish mavsuzi Pxenyan bilan muloqot markazida turishi kerak.
“Shimoliy Koreyaning yadro va raketa dasturlari uni boshi berk ko’chaga kiritganini AQSh va xalqaro hamjamiyat eslatishda davom etishi kerak”, - dedi rasmiy.
Shimoliy Koreya yadro qurollari AQSh tahdididan himoya ekanini aytib keladi. Amerika bizga hujum qilsa, yadroviy zarba bilan javob beramiz, deydi uning rahbari Kim Chen Un.
Tahlilchilar Pxenyanning yadroviy salohiyati haqida aniq ma’lumotga ega emas.
“Joriy yilda sinovlarni ko’rmadik. Yaqin orada bo’ladimi, yo’qmi, bilmaymiz. Agar sinovlarni davom ettirishsa, demak, yadroviy dastur, afsuski, to’xtamagan bo’ladi”, - deydi “Sharq-G’arb” tahlil markazidan Denni Roy.
Pxenyanning ogohlantirishlariga qaramay, AQSh va Janubiy Koreya shu bahorda qo’shma harbiy mashg’ulotlarini o’tkazmoqchi.
Facebook Forum