Yaqinda Shimoliy Koreyaga xufiyona borib, Kim Chen Un bilan gaplashib kelgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, Shimoliy Koreya va AQSh rahbarlarining rejalanayotgan uchrashuvida Tramp Kimdan quruq gaplardan qochib, yadroviy qurolsizlanish masalasida konkret qadamlar qo’yishni so’raydi.
O’tgan juma Shimoliy va Janubiy Koreya rahbarlari 2007-yildan beri ilk bor yuzma-yuz ko’rishdi. Shanba kuni Michiganga borgan Trampni qarshilagan tarafdorlari unga Tinchlik uchun Nobel mukofotini berish kerak, deya hayqirdi. Trampning minglab muxlislari fikricha, uning aralashuvisiz Shimoliy Koreya otdan tushmagan bo’lardi.
Agar Pxenyan yadro dasturidan voz kechsa, Tramp Nobel mukofotiga loyiq nomzod deb topilishi mumkin. Biroq Oq uy ma’muriyatiga ko’ra, umidlar va xayollarga berilmasdan vaziyatga mantiqiy qarash kerak.
“Pxenyandan ma’lum qadamlarni kutib qolamiz va Shimoliy Koreya so’zidan qaytmasligi kerak. Bizga quruq va’dalar kerak emas. Qilinayotgan ishlarga qarab baho beramiz”, - dedi Pompeo.
Tramp ham va’dalar bergani yo’q.
“Nima bo’lishini ko’ramiz. Nima bo’lsa, bo’ldi. Uchrashuvdan natija chiqmasligi ham mumkin. Lekin men eski ma’muriyatga o’xshab Eron bilan imzolangan dabdala shartnomaga o’xshagan hujjatga qo’l qo’ymayman”, - dedi AQSh rahbari.
Tramp Eron bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitimni tanqid qilib keladi, unda Eron ballistik raketa dasturiga cheklov qo’yilmaganidan norozi. Tramp bitimdan chiqish haqida o’ylanmoqda, biroq ayrim qonunchilar bunday qaror xato bo’lishini aytmoqda.
“Shartnomadan chiqsak, Eron rioya qilayotgan bitimni oyoqosti qilsak, Shimoliy Koreya bizga ishonmay qo’yadi, butun dunyodagi ishonchni yo’qotamiz”, - deydi demokrat kongressmen Adam Shiff.
Unga ko’ra, Trampning noan’anaviy siyosati Shimoliy Koreya rahbarini muzokarada qatnashishga ko’ndirgan bo’lishi mumkin, biroq Pxenyan azaldan siyosatini keskin o’zgartirish odati bilan tanilgan. Biroq hozircha Shimoliy Koreya yarimorolni yadrodan xoli hududga aylantirish niyatida qat’iy.
Facebook Forum