Breaking News

Kongress Adliya vazirligidan Tramp da'vosiga dalil kutmoqda


Sobiq va amaldagi prezident
Sobiq va amaldagi prezident

Adliya vazirligi sobiq Prezident Barak Obama saylov kampaniyasi paytida Donald Tramp suhbatlarini yashirincha tinglashni buyurgani haqidagi da’volarga doir dalillarni Kongressga taqdim etish uchun qo’shimcha vaqt kerakligini qonunchilarga bildirgan.

Amaldagi rahbar sobiq prezidentni qonunni buzganlikda ayblar ekan, Kongress masalani taftish qilmoqchi.

Tramp Obamani Twitter orqali oy boshida ayblagan, biroq hanuz dalil keltirmagan.

Oq uy matbuot kotibi Shon Spayserning aytishicha, Tramp aynan Obama uning telefon suhbatlarini yozib olganini aytmagan.

Spayser Trampning Twitter dagi gapini yumshatishga harakat qildi.

Tramp, xususan, Twitter orqali shunday deb yozgan edi: “Amaldagi prezident saylov kunidan oldin poyga paytida “telefon suhbatlarini yashirincha yozib olish” huquqiga egami? Sud uning bu iltimosini qondirmagan. Naqadar pastkashlik!”

Trampning aytishicha, malakali yurist bu ishni osonlikcha yutib chiqishi mumkin.

"Tramp “telefon suhbatlarini yashirincha yozib olish” degan gapini qo’shtirnoq ichiga olganiga e’tibor bering. Kuzatishning turlicha yo’llari bor. So’nggi ikki oyda turli manbalarda keltirilgan ko’plab xabarlardan shunisi ma’lumki, 2016-yil saylovlari paytida kuzatuv turli usullar bilan olib borilgan", - deydi Trampning matbuot kotibi.

Oq uy maslahatchisi Kelliann Konvey prezidentning bu da’vosini isbotlovchi dalilga ega emasligini aytgan.

“Mening ishim dalil to’plash emas. Bu bilan tergovchilar shug’ullanishi kerak”, - dedi u CNN telekompaniyasiga bergan intervyusida.

Oq uy yoki razvedka idoralarining hech bir vakili Obamaga qarshi bu da’voni tasdiqlovchi dalil keltirmadi. Obamaning vakili ayblovni soxta deb atadi.

Kongress palatalarining razvedka bo’yicha qo’mitalari Adliya vazirligidan Tramp da’vosiga doir dalil keltirishni so’ragan.

Xususan, Vakillar palatasi Razvedka qo’mitasi dalillarni dushanba kuni taqdim etishni so’ragan edi, biroq vazirlik qo’shimcha vaqtga ehtiyoji borligini bildirgan.

Tramp tanqidchilari uning Obamaga qarshi da’vosini safsata deb, jamoatchilik diqqatini uning va ma’muriyati vakillarining Rossiya bilan aloqalariga doir da’volar va ayblovlardan chalg’itishga qaratilgan harakat deb atadi.

Respublikachi senator Jon Makkeynning aytishicha, agar prezident gaplarini isbotlay olmasa, uzr so’rashi kerak.

“Agar Prezident Obama qonunni buzgan bo’lsa, bu jiddiy muammo”, - dedi qonunchi.

Biroq Makkeynning o’zi bunday bo’lganiga ishonmaydi.

AQSh qonuniga ko’ra, amaldagi prezident federal sudya ruxsatisiz birovning telefon suhbatlarini kuzatishni buyura olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG