Breaking News

Tramp Obama siyosatini birin-ketin bekor qilmoqda


AQSh sobiq Prezidenti Barak Obamaning sakkiz yillik faoliyati davrida tashqi siyosatda erishilgan masalalar asta-sekin yangi rahbar tomonidan o’z holiga qaytarilmoqda.

Eron bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitim, iqlim o’zgarishiga qarshi Parij bitimi, Kuba bilan diplomatik aloqalarni tiklash – Donald Tramp bularning barchasidan voz kechmoqda. Ichki siyosatda esa Obama tashabbusi bilan qabul qilingan tibbiy sug’urta dasturi yopildi.

Donald Tramp o’zidan oldingi prezidentning tashqi siyosatini tanqid qilishdan qo’rqmagan.

“Oldingi rahbariyatdan ko’plab muammolar qoldi bizga”, - dedi Tramp.

Tramp Obamaning tashqi siyosatdagi barcha tashabbuslarini ham yo’qqa chiqargani yo’q. Ayrimlarini xolos.

Masalan, arab davlatlari rahbarlari bilan muloqotidan so’ng Eronga nisbatan yanada sovidi, so’ng Parij bitimidan chiqishga qaror qildi.

“Oq uy ma’muriyatida eski prezidentning siyosatini bekor qilish modaga aylangandek”, - deydi Vashingtondagi Amerika taraqqiyoti markazidan Kristi Goldfas.

Tahlilchi Barak Obama ma’muriyatida ekologiya masalalari bilan shug’ullangan. 2015-yilda iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimining imzolanganini katta yutuq deb hisoblaydi. Hujjat 195 mamlakat tomonidan imzolanganiga qaramay, AQSh Kongressi uni tasdiqlamagan. Tramp esa bitimdan butunlay chiqmoqchi.

Obama ma’muriyati olib borgan muzokaralar natijasida Eronni yadro dasturidan qaytarishga qaratilgan kelishuv ham Tramp tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Ayni damda Oq uy Obamaning Kuba bilan aloqalarni yaxshilash siyosatini qayta ko’rib chiqmoqda. Yangi siyosat qanday bo’lishi hozircha noma’lum, biroq Tramp Kuba bilan munosabatlarni yana muzlatib qo’yishi ham mumkin, deydi AQSh-Kuba Savdo va iqtisodiy kengashidan Jon Kavulich.

“Buning uchun siyoh bilan qog’oz kifoya. Trampning qalamga muhabbatini ko’rishga ulgurdik”, - deydi u.

Saylov kampaniyasi paytida Tramp Kubani qattiq tanqid qilib, Obamaning Kubaga doir siyosatini bekor qilishini aytgan.

Tahlilchi Kristi Goldfasning aytishicha, eski rahbarning yana ancha tashabbuslari yo’qqa chiqariladi.

“Sakkiz yilda erishilgan hali ko’p yutuqlardan voz kechiladiganga o’xshaydi. Bu endi boshlanishi. Oq uy bu siyosatidan qaytadigan ko’rinmaydi”, - deydi ekspert.

Tramp bu ishga bir tomonlama yondashar ekan, uning qarorlari ham undan keyingi rahbar tomonidan bekor qilinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG