2018-yil noyabrida Kongress Vakillar palatasidagi barcha o’rinlar hamda Senatdagi o’rinlarning uchdan bir qismi uchun saylovlar bo’lib o’tadi. Prezident Donald Tramp respublikachilar bu saylovlarda yaxshi natija ko’rsatishini bashorat qilmoqda.
Joriy yilda respublikachilar Vakillar palatasida olti o’rin uchun o’tgan saylovlarning beshtasida g’olib bo’ldi, Senatdagi bir o’rinni esa boy berishdi.
Tramp Virjiniya shtatida gubernatorlik uchun o’tgan saylovda respublikachi nomzod Ed Jillspi hamda Alabamada senatorlikka nomzod Roy Mur mag’lub bo’lishlarini to’g’ri bashorat qilganini da’vo qilmoqda. Prezident saylov kampaniyasi paytida har ikkisini ham qo’llab-quvvatlagan edi.
“O’zimning 2016-yilda g’alaba qilishimni ham to’g’ri topganman”, - deydi Tramp.
Respublikachilar ayni damda Senatni ham, Vakillar palatasini ham nazorat qilmoqda. Biroq Tramp reytingi 30-40 foiz atrofida ekan, so’nggi olti haftada uch saylovda g’alabaga erishgan demokratlarning ruhi baland.
O’tgan hafta Alabamada demokratlardan nomzod Dag Jouns Murni dog’da qoldirishi oqibatida respublikachilarning Senatdagi ustunligi qisqardi – 51 ga 49 ta o’rin. Jouns yanvar boshida qasamyod keltiradi.
Vakillar palatasida respublikachilar 239, demokratlar esa 193 ta o’ringa ega. Uchta mandat bo’sh turibdi. Mustaqil kuzatuvchilarga ko’ra, demokratlar noyabr saylovlari ketidan quyi palata nazoratini o’z qo’liga olishi mumkin.
Facebook Forum