Los-Anjelesda bir aktrisa prezidentlikka nomzod Donald Trampni 10 yil oldin Kaliforniya shtatidagi sport tadbirida unga jinsiy bosim o'tkazganlikda ayblab chiqdi.
Jessika Dreyk, pornografiya yulduzi, milliarder avval uni zo'rlab ushlab, o'pganini, keyin esa 10 ming dollar taklif qilganini aytmoqda. Buning evaziga, da'voga ko'ra, aktrisaga Tramp bilan shaxsiy samolyotda uchish ham taklif qilingan.
Saylov 8-noyabrda. Tramp shu kunlarda nutqlarini tarixiy maskanlardan qilmoqda. Masalan, Pensilvaniya shtatining Gettisburg shahridan. Bu yerda 153 yil oldin fuqaro urushi tugagani e'lon qilingan.
Respublikachi Donald Tramp 22-oktabr kuni saylovchilar oldida so'zlar ekan, Oq uyga saylansa, immigratsiya tizimini butkul isloh qilishini aytdi. Shuningdek, o'rta sinf uchun soliqlarni 35 foizga kamaytirib, prezidentlikning birinchi 100 kunida olamshumul o'zgarishlar qilishga va'da berdi.
Prezidentlikka nomzod uni jinsiy tajovuzda ayblagan 10 dan oshiq ayolni sudga bermoqchi. Yolg'on gapirgani, bo'lmagan ishlarni bo'lgan deya tasvirlagani uchun bu ayollar adolat oldida javob berishi shart, deydi u.
Hujjatsiz immigratlarga qamoq jazosi
Donald Tramp noqonuniy muhojirlarni Amerikada ruxsatsiz yurgani uchun jazolash kerak deydi. 2-5 yil orasida qamoqda o'tirishi kerak, deya ta'kidlaydi nomzod. Mamlakatda hozir 11 milliondan oshiq immigrant yashash va ishlash uchun zarur hujjatga ega emas.
Tramp prezidentligi ostida Kongress a'zolari uchun ham xizmat muddati cheklanadi. Federal tizim kengayishdan to'xtaydi. Oq uy va Kongressda ishlagan odamlar xizmatdan keyin lobbichilik bilan shug'ullana olmaydi.
"Vashingtonni tuzatamiz. Mening prezidentligim ostida davlat haqiqatan ham xalq xizmatida bo'ladi",- deydi Tramp.
Amerika BMT doirasida iqlim kelajagi uchun to'lanadigan mablag'ni kesadi va bu pulni suv va ekologik infrastrukturani yaxshilash uchun sarflaydi, deydi arbob.
Saylov natijasi
Tramp fikricha, saylov tizimi nuqsonlar va firibgarlikka to'la. Lekin aynan qanday muammolar borligi haqida u ochiq gapirmaydi.
8-noyabrda agar yutqazsa, mag'lubiyatni tan oladimi? Ha, lekin hozirdan bir narsa deyish qiyin, deya javob qiladi u.
Tramp nazarida axborot vositalari tamoman uning raqibi, demokrat Hillari Klinton tomonida.
"Ular odamlarni menga qarshi qayrab, amerikaliklarning ovozini o'zgartirishga urinmoqda",- deydi respublikachi nomzod.
Klinton nima deydi?
Klinton xonim va uning vitse-prezidentlikka nomzodi Tim Keyn Pittsburg va Filadelfiya shaharlarida saylovchilar bilan uchrashib, Trampni nima deyayotganini anglamaydigan, subutsiz shaxs sifatida tasvirladi.
Demokrat da'vogar deydiki, Tramp tahdid orqali prezidentlikka saylana olmaydi. Odamlarni qo'rqitish, qo'pollik va yerga urish bilan Oq uyni egallashi mumkin emas. Prezident bo'laman degan odam yetti o'lchab bir kesishi kerak, deydi u.
Ommaviy so'rovlarda Klinton Trampdan ancha olg'a ketmoqda. "RealClearPolitics", bir necha so'rovlar natijasini tahlil qilib beruvchi sistemaga ko'ra, demokrat nomzod mamlakat bo'ylab respublikachi raqibidan olti foiz bilan oldinda.
Prezident saylovi natijasini Saylov kengashi hal etadi. U esa 538 delegatdan iborat. Kamida 270 ovoz olgan nomzod g'olib deb e'lon qilinadi.
"RealClearPolitics" tizimi ta'biricha, Klinton hozirgi ketishda 262 ovozga, Tramp esa 164 ovozga ega. Lekin ayrim shtatlarda natijani oldindan bashorat qilish mumkin emas.
"The States of the Nation" degan tizim hisobicha esa Klinton 326 delegat ovozini, Tramp esa 212 ovozini olishi mumkin.
"FiveThirtyEight.com" degan xizmat taxminicha, Klinton 341, Tramp esa 196 delegat ovozini qo'lga kiritishi mumkin.