AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda Falastin rahbari Mahmud Abbosni qabul qildi. Tomonlar Yaqin Sharqda tinchlik o'rnatish masalalarini muhokama qilgan.
Tramp Isroil va Falastinni kelishuvga erishish uchun birga ishlashga chaqirdi.
"Men vositachi, hakam yoki tashkilotchi bo'lishga tayyorman. Biz buni qilamiz", - dedi AQSh rahbari.
"Eng qiyin ish isroilliklar va falastinliklar o'rtasida kelishuvga erishish deyishadi. Kelinglar, bu gapni aytganlarning nohaqligini isbotlaylik", - deya qo'shimcha qildi Tramp.
Abbos ham o'z navbatida Tramp tashabbusi bilan tinchlik o'rnatishga umid borligini aytdi.
Abbosning FATH siyosiy partiyasi G'azo sektorini boshqaruvchi XAMAS bilan kelisha olmaydi. Bu qarshilik Isroil bilan tinchlik muzokaralarini olib borishga xalal beradi.
XAMAS ayni paytda shu hafta Isroilga nisbatan siyosatini yumshatgani haqida e'lon qildi. U endi Isroilni yo'q qilish ahdidan qaytib, Falastinning 1967-yilgi urushdan oldingi chegaralar bo'yicha to'la mustaqil bo'lishi uchun kurashishini bildirdi.
Isroil XAMASning yangi bayonotini "xalqaro hamjamiyatni laqillatish" deb atadi.
Falastin rahbari Vashingtondan turib Isroilni "bir tomonlama harakatlarga qo'l urishdan tiyilishga" undadi.
"Isroil uchun xalqimiz va yerimizga uyushtirgan bosqinini tugatish fursati keldi", - dedi Abbos.
Shu oy oxirida Tramp Isroilga safar qilishi kutilyapti.